O‘zbekiston-Italiya ta’lim forumi o‘tkaziladi
2024-06-21 14:20:00 / Vazirlik yangiliklari
Uchrashuv davomida oliy ta’lim, ilm-fan va innovatsiyalar sohasidagi istiqbolli hamkorlik masalalari, xususan O‘zbekiston-Italiya ta’lim forumini tashkil etishga oid masalalar batafsil muhokama qilindi.
Vazir Q.Sharipov O‘zbekiston-Italiya ta’lim forumi konsepsiyasini elchi A.Pinnaga taqdim etib, mazkur konsepsiya bo‘yicha muzokaralar olib borildi.
Shuningdek, vazir o‘rinbosari O.Mahkamovga 2024-yil may oyida Italiyaning Rim shahriga amalga oshirgan tashrifi hamda Italiya Respublikasi Universitetlar va ilmiy tadqiqotlar vaziri Anna Mariya Bernini, Italiyaning qator ta’lim tashkilotlari va universitetlari bilan o‘tkazilgan uchrashuvlar va erishilgan natijalar to‘g‘risida axborot berdi.
Vazir Q.Sharipov tomonidan O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetida italyan tili bo‘yicha olimpiada o‘tkazish yo‘lga qo‘yilayotgani to‘g‘risida ma’lum qilindi.
Shu bilan birga, vazir Q.Sharipov ta’lim va ilm-fan sohasida kelgusi va uzoq muddatli hamkorlikka tayyorligini bildirdi. Talabalar almashinuvi, italyan tili o‘qituvchilari va ta’limning turli yo‘nalishlari (ayniqsa muhandislik va texnika fanlari) bo‘yicha mutaxassislarni tayyorlash, qo‘shma ilmiy tadqiqotlar olib borish masalalari muhokama qilindi.
Yevropa Ittifoqi dasturi doirasida O‘zbekiston-Italiya universitetlarining Erazmus loyihalarida ishtirokini faollashtirish, O‘zbekiston OTMlari o‘qituvchilari uchun Italiyaning nufuzli universitetlarida malaka oshirish kurslarini tashkil etish, O‘zbekiston va Italiya texnika oliy o‘quv yurtlari alyansini tashkil etish bo‘yicha qator takliflar bildirilib, kelgusida ushbu yo‘nalishlarda hamkorlikni rivojlantirish to‘g‘risida kelishib olindi.