Oliy Majlis Senatida AQShda tahsil olayotgan xalqaro talabalar bilan ochiq muloqot o‘tkazildi
2026-03-16 15:05:00 / Vazirlik yangiliklari

Muloqot chog‘ida mamlakatimizda iqtisodiyot, ta’lim va davlat boshqaruvi sohalarida amalga oshirilayotgan islohotlar, yoshlarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan tashabbuslar hamda xalqaro hamkorlik masalalari muhokama qilindi.
Senat Raisi Tanzila Narbayeva yoshlar siyosati davlat ustuvor yo‘nalishlaridan biri ekanini ta’kidlab, shunday dedi:
“Yoshlarning tashabbus va g‘oyalarini qo‘llab-quvvatlash, ular uchun zamonaviy bilim va ko‘nikmalarni egallash imkoniyatini yaratish davlat siyosatining muhim ustuvor yo‘nalishidir”.
Shuningdek, Shahnoza Mirziyoyeva bugungi global jarayonlarda yoshlar ishtirokining ahamiyatiga to‘xtalib o‘tdi:
“Kelajak istiqbollarini yoshlar ishtirokisiz muhokama qilib bo‘lmaydi. Bugungi kunda dunyo shiddat bilan o‘zgarmoqda, hozir qabul qilinayotgan qarorlar esa bevosita kelgusi avlod hayotini belgilab beradi. Shu bois, yoshlarning fikrlari, tashabbuslari va, ayniqsa, ularni o‘ylantirayotgan masalalarga quloq tutish g‘oyat muhimdir. Bu yosh avlod kelajakni qanday tasavvur qilishi hamda ushbu jarayonda mamlakatimiz qanday o‘rin egallashi mumkinligini anglash uchun qulay imkoniyatdir”.
Uchrashuv davomida ta’lim, ilm-fan va innovatsiyalar sohasidagi hamkorlikni kengaytirish, qo‘shma ilmiy va ta’lim loyihalarini amalga oshirish imkoniyatlari bo‘yiicha ham fikr almashildi.
Mazkur muloqot O‘zbekiston va AQSH o‘rtasidagi ta’limiy va akademik hamkorlikni mustahkamlash, yoshlar o‘rtasida o‘zaro anglashuv va ishonchni rivojlantirishga xizmat qiluvchi muhim platforma sifatida baholandi.



