Qoʻqonda Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligining navbatdagi Hayʼat yigʻilishi oʻtkazildi
2026-03-02 11:05:00 / Vazirlik yangiliklari

Yigʻilishda 2026-yilga moʻljallangan ustuvor vazifalar, davlat dasturlari ijrosi, kasbiy va oliy taʼlim tizimidagi islohotlar, ilmiy-innovatsion faoliyat hamda bitiruvchilar bandligini taʼminlash masalalari muhokama qilindi.
Yigʻilish avvalida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 16-fevraldagi PF–22-son farmoni bilan tasdiqlangan “Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yili” davlat dasturida belgilangan vazifalar ijrosini taʼminlash masalasi koʻrib chiqildi. Qayd etilganidek, 2026-yilda iqtisodiyotni texnologik va innovatsion oʻsish modeliga oʻtkazish, kasblarni rivojlantirish hamda yangi mehnat bozori arxitekturasini shakllantirish ustuvor yoʻnalish etib belgilangan.
Shu munosabat bilan “Raqamli startaplar” dasturi doirasida oliygohlar ixtiyorida qoladigan mablagʻlarning kamida 10 foizini inkubatsiya markazlarini rivojlantirishga yoʻnaltirish, 16 ta oliy taʼlim muassasasida sunʼiy intellekt laboratoriyalarini tashkil etish hamda 100 dan ortiq AI loyihalarini amalga oshirish vazifalari belgilab berildi. Laboratoriyalar faoliyatiga talabalar, yosh olimlar, mahalla yoshlari, texnikum oʻquvchilari va texnopark rezidentlarini keng jalb etish, metodik qoʻllanmalar ishlab chiqish topshirildi.
“Oʻzbekiston – 2030” strategiyasi doirasida 2026-yil uchun belgilangan maqsadli koʻrsatkichlarga erishish, jumladan, oliy taʼlim bilan qamrov darajasini 45 foizga yetkazish, xalqaro akkreditatsiyadan oʻtgan dasturlar sonini 133 taga, “TOP–500” reytingga kiradigan xorijiy universitetlar bilan qoʻshma dasturlarni 18 taga yetkazish, ilmiy darajali professor-oʻqituvchilar ulushini 53 foizga chiqarish boʻyicha aniq vazifalar belgilandi.
Yigʻilishda 2025-yil yakuni boʻyicha aniqlangan kamchiliklar tahlil qilinib, rahbarlar masʼuliyati yana bir bor eslatildi. Joriy yilda xorijiy davlatlar bilan rektorlar forumlari tashkil etilishi, har bir kelishuv natijador boʻlishi shartligi taʼkidlandi.
Kun tartibidagi ikkinchi masalada kasbiy taʼlim tizimidagi mavjud muammolar va 2026-yilgi ustuvor vazifalar muhokama qilindi. Joriy yilda xalqaro taʼlim dasturlari joriy etilgan texnikumlar sonini 100 taga yetkazish rejalashtirilgani, ayrim hududlarda bu borada koʻrsatkichlar pastligi tanqid qilindi, har bir hududda kamida 5 ta kasb boʻyicha xalqaro taʼlim dasturlarini joriy etish boʻyicha aniq vazifalar qoʻyildi. Korrupsiya va moliyaviy qonunbuzilish holatlariga nisbatan murosasiz munosabat bildirilib, bunday holatlarga yoʻl qoʻygan rahbarlarga nisbatan qatʼiy choralar koʻrilishi qayd etildi.
Uchinchi masala doirasida oliy taʼlim tashkilotlarida ilmiy-innovatsion faoliyatni kuchaytirish, mahallalarda ilmiy asoslangan loyihalarni amalga oshirish, “taʼlim – fan – ishlab chiqarish” integratsiyasini taʼminlash masalalari koʻrib chiqildi.
Yigʻilishda 2026-yilni tizimda “Oliy taʼlim, ilm-fan va innovatsiya orqali hududni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yili” deb belgilash taklifi ilgari surildi.
Kun tartibidagi toʻrtinchi masala – bitiruvchilar bandligi va raqamlashtirish jarayonlari boʻldi. 2024/2025 oʻquv yilida 237 939 nafar bitiruvchi diplom olgani, biroq bandlikni taʼminlashda tizimli yondashuv yetarli emasligi qayd etildi.
Har bir oliygohda Karyera markazlari faoliyatini kuchaytirish, ishsiz bitiruvchilarning manzilli roʻyxatini shakllantirish, “Kelajakka qadam” dasturi doirasida biznes loyihalarni moliyalashtirish, ikki oy ichida oʻzini oʻzi band qilgan bitiruvchilar ulushini ikki baravarga qisqartirish vazifasi qoʻyildi.
Shuningdek, “career.edu.uz” platformasini toʻliq ishga tushirish, diplom.edu.uz tizimidagi tasdiqlanmagan diplomlar masalasini bartaraf etish, 17 ta oliygohda Face-ID tizimini joriy etish, kiberxavfsizlikni kuchaytirish va raqamlashtirish boʻyicha KPI tizimini joriy qilish topshirildi.
Yigʻilish yakunida Navroʻz va 8-mart munosabati bilan madaniy-maʼrifiy tadbirlarni koʻtarinki ruhda oʻtkazish, har payshanba kunini “Yoshlar kuni” sifatida samarali tashkil etish, “Oʻzbekiston boʻylab sayohat qil!” dasturi doirasida 550 mingdan ortiq talabani ichki turizmga jalb qilish, yozgi “Taʼlim turizmi – yangi bilim, yangi tajriba” dasturlarini ishlab chiqish vazifalari belgilab berildi.
Yigʻilish yakunida barcha rahbarlarga belgilangan vazifalar ijrosini oʻz vaqtida va sifatli taʼminlash yuzasidan qatʼiy topshiriqlar berildi.






