Samarqandda Uchinchi Oʻzbekiston–Vengriya rektorlar forumi boʻlib oʻtadi
2026-02-28 16:00:00 / Vazirlik yangiliklari

Uchrashuv davomida Oʼzbekiston va Vengriya oʼrtasida oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar sohalaridagi hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalari muhokama qilindi. Qoʼshma taʼlim dasturlari, akademik mobillik, ilmiy tadqiqotlar, muhandislik kadrlarini tayyorlash hamda taʼlim jarayoniga raqamli texnologiyalar va sunʼiy intellekt yechimlarini joriy etish ustuvor yoʼnalishlar sifatida belgilandi. Alohida eʼtibor Jizzax viloyatida yoʻlga qoʻyilayotgan qoʻshma tashabbuslarga qaratildi. Xususan, Jizzax politexnika universiteti faoliyatini rivojlantirish, qoʻshma taʼlim dasturlarini joriy etish, xalqaro aloqalarni mustahkamlash, innovatsion tashabbuslarni muvofiqlashtirish hamda investitsiya loyihalariga ekspertlik koʻmagi koʻrsatish borasida amalga oshirilayotgan ishlar muhokama qilindi. Shuningdek, Jizzaxda barpo etilayotgan texnopark doirasida muhandislik ishlanmalari, texnologiyalar transferi va startap loyihalarni qoʻllab-quvvatlash boʻyicha hamkorlik istiqbollari qayd etildi. Tomonlar texnoparkni rivojlantirish boʻyicha qoʻshma “yoʻl xaritasi” ishlab chiqish maqsadga muvofiq ekanini taʼkidladilar. Uchrashuv davomida 5–7-mart kunlari Samarqand shahrida oʻtkazilishi rejalashtirilayotgan uchinchi Oʻzbekiston–Vengriya rektorlar forumiga ham toʻxtalib oʻtildi. Forum “Ipak yoʻli” turizm va madaniy meros xalqaro universiteti bazasida tashkil etilib, oliy taʼlimni raqamlashtirish, sunʼiy intellektni taʼlim jarayonlariga joriy etish, innovatsion taʼlim modellari va texnologiyalar transferi masalalariga bagʻishlanadi. Forum doirasida qator qoʻshma loyihalarni nazarda tutuvchi 20 dan ortiq universitetlararo kelishuvlar imzolanishi kutilmoqda. Uchrashuv yakunida tomonlar qoʻshma taʼlim dasturlari, ikki diplomli yoʻnalishlar, ilmiy-tadqiqot markazlari tashkil etish, akademik mobillikni kengaytirish boʻyicha hamkorlikni izchil davom ettirishga tayyor ekanliklarini bildirdilar.





