“Raqamli iqtisodiyot sharoitida iqtisodiy xavfsizlikni ta’minlash: muammolar va yechimlar” mavzusida respublika ilmiy-amaliy anjumani bo‘lib o‘tdi
2026-02-26 20:20:00 / Vazirlik yangiliklari

Anjumanda Bosh prokuratura, Markaziy bank, Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi, Savdo-sanoat palatasi, soliq va bojxona qo‘mitalari vakillari, amaliyotchilar, tadbirkorlar, shuningdek, olimlar, professor-o‘qituvchilar hamda ilmiy izlanuvchilar ishtirok etdi.
Tadbirning asosiy maqsadi jamoatchilik ongida iqtisodiy xavfsizlik tushunchasini yanada kengaytirish, raqamli iqtisodiyot sharoitida yuzaga kelayotgan tahdid va xavf-xatarlarni ilmiy jihatdan tahlil qilish, iqtisodiy huquqbuzarliklarga qarshi kurashishda murosasizlik muhitini shakllantirishdan iborat bo‘ldi.
Anjuman doirasida quyidagi yo‘nalishlar bo‘yicha ma’ruzalar va muhokamalar tashkil etildi:
-
iqtisodiy xavfsizlik sohasida qonunchilik bazasini mustahkamlash;
-
iqtisodiyot sohasidagi huquqbuzarliklarning oldini olish, shuningdek, budjet mablag‘larining sarflanishi ustidan monitoring va nazorat tizimini takomillashtirish;
-
tadbirkorlik va kichik biznesning iqtisodiy xavfsizligini ta’minlash hamda qo‘llab-quvvatlashning ilmiy-amaliy jihatlari;
-
yashirin iqtisodiyot ko‘lamini qisqartirishda raqamli texnologiyalardan foydalanish yo‘nalishlari;
-
O‘zbekistonda jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga, terrorizmni moliyalashtirishga va ommaviy qirg‘in qurolini tarqatishni moliyalashtirishga qarshi kurashish faoliyati samaradorligini oshirish masalalari.
Shuningdek, anjuman doirasida Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti hamda Alkogol va tamaki bozorini tartibga solish inspeksiyasi o‘rtasida o‘zaro hamkorlik memorandumi imzolandi.
Mazkur memorandum inspeksiya hamda universitetning alkogol va tamaki sohasidagi yashirin iqtisodiyot ko‘lamini tahlil qilish, baholash, ilmiy tadqiqotlar o‘tkazish hamda takliflar ishlab chiqish borasidagi hamkorligini yanada kuchaytirishga xizmat qiladi.
Anjuman yakunlari bo‘yicha ilmiy taklif va amaliy tavsiyalar ishlab chiqilib, ularni amalga oshirish choralari belgilandi.
Mazkur tadbir mamlakatimizda iqtisodiy barqarorlikni mustahkamlash, raqamli islohotlar samaradorligini oshirish hamda iqtisodiy xavfsizlik madaniyatini yuksaltirishga xizmat qiladi.









