Muhandislik sohasini rivojlantirishga bagʻishlangan yigʻilish oʻtkazildi
2026-02-24 16:20:00 / Vazirlik yangiliklari

Yigʻilishda global raqobat, sanoatlashuv va raqamli iqtisodiyot sharoitida mamlakat taraqqiyoti yuqori malakali muhandis kadrlarga bevosita bogʻliq ekani taʼkidlandi. Iqtisodiyotni modernizatsiya qilish, innovatsion texnologiyalarni joriy etish va texnologik mustaqillikni taʼminlashda muhandislik yoʻnalishi ustuvor ahamiyat kasb etishi qayd etildi.
Joriy yil aprel oyi “Muhandislik oyligi” deb eʼlon qilingan boʻlib, mazkur oylik doirasida sohani ommalashtirish, talabalarni ixtirochilik va innovatsiya faoliyatiga keng jalb etishga qaratilgan qator amaliy tadbirlar tashkil etilishi qayd etildi.
Yigʻilishda texnika yoʻnalishidagi oliy taʼlim tashkilotlarida sunʼiy intellekt, robototexnika, dron, kiberxavfsizlik kabi yoʻnalishlarda mukofot jamgʻarmasi 100 million soʻm boʻlgan “Oliygoh kubogi” tanlovini yuqori saviyada tashkil etish vazifasi muhokama qilindi. Tanlov joriy yilda uni 26 ta oliy taʼlim tashkilotida tashkil etish rejalashtirilgani maʼlum qilindi.
Shuningdek, 2026-yil 28–30-aprel kunlari Toshkent shahrida oʻtkazilishi rejalashtirilgan “Kelajak muhandislari” xalqaro festivaliga tayyorgarlik ishlari koʻrib chiqildi. Festival doirasida 39 ta yoʻnalishda musobaqa va tanlovlar, jumladan, oliy taʼlim tashkilotlari oʻrtasida 7 ta maxsus yoʻnalishdagi tanlovlar tashkil etilishi belgilandi. Barcha oliygohlarga talabalarning faol ishtirokini taʼminlash, xorijiy hamkor universitetlar orqali chet ellik ishtirokchilarni jalb etish yuzasidan aniq vazifalar yuklatildi.
Muhandislik boʻyicha “Eng yaxshi gʻoya”, “Eng yaxshi loyiha” va “Eng yaxshi ixtiro” respublika koʻrik-tanlovlariga tayyorgarlik masalasiga ham alohida eʼtibor qaratildi Barcha oliy taʼlim tashkilotlariga yosh muhandislarni tayyorlash, tajribali oʻqituvchi va mutaxassislarni biriktirish hamda kamida 30 tadan ishlanmani tanlovga taqdim etish vazifasi qoʻyildi.
Yigʻilish yakunida muhandislik sohasidagi barcha tadbirlarni moliyaviy, tashkiliy va axborot jihatidan toʻliq taʼminlash, ijro intizomini kuchaytirish hamda har hafta vazirlik shtabiga hisobot kiritib borish boʻyicha tegishli koʻrsatmalar berildi.
Qayd etilgan vazifalar ijrosini muvofiqlashtirish va nazorat qilish masʼul rahbarlarga yuklatildi.









