Talabalar g‘oyasi amalda: “og‘ir” mahallalar infratuzilmasi yangilanmoqda
2026-02-23 08:35:00 / Vazirlik yangiliklari

Mazkur tashabbus ijrosi doirasida Surxondaryo viloyatidagi 114 ta “og‘ir” mahalla bosh rejalarini ishlab chiqish uchun Termiz davlat muhandislik va agrotexnologiyalar universitetining arxitektura va qurilish yo‘nalishlarida tahsil olayotgan 3–4-bosqich talabalar, magistrantlar va doktorantlardan iborat 600 nafardan ortiq yosh mutaxassis saralab olingan va mahallalarga biriktirilgan.
Talabalar mahalla infratuzilmasi va ijtimoiy holatni o‘rganib, yo‘l va kommunikatsiya tarmoqlarini takomillashtirish, yashil hududlar, ijtimoiy obyektlar va kichik biznesni rivojlantirishga qaratilgan takliflar ishlab chiqdilar. Loyihalar kambag‘allikni qisqartirishga xizmat qiladi.
Surxondaryo viloyati hokimi talabalar bilan birgalikda ilk uchrashuvlarda berilgan amaliy tavsiyalar asosida takomillashtirilgan loyihalarni joyida ko‘rib chiqdi va amaliy ishlarga start berdi. Namunali ish ko‘rsatgan 20 nafar talaba tajriba almashish uchun xorijga yuboriladi.
Jarayon o‘quv rejasi bilan to‘liq integratsiya qilingan. Bakalavr talabalar ishlab chiqarish amaliyotini mahalla bosh rejalarini ishlab chiqish orqali o‘tmoqda. Magistrantlar ilmiy-tadqiqot ishlari va magistrlik dissertatsiyalarini bevosita mahallalar muammolariga bag‘ishlamoqda. Doktorantlar esa hududiy rivojlanish, infratuzilma va ijtimoiy-iqtisodiy barqarorlik masalalari bo‘yicha tahlillar olib bormoqda. Shu tariqa ta’lim, ilm va amaliyot yagona tizimga birlashtirildi.









