“Oʻzbekiston – 2030” strategiyasiga bagʻishlangan matbuot anjumani oʻtkazildi
2026-02-20 16:00:00 / Vazirlik yangiliklari

Anjumanda Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vaziri Akbar Toshqulov, Sogʻliqni saqlash vaziri Asilbek Xudayarov, Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vaziri oʻrinbosari Oʻktam Salomov, Iqtisodiyot va moliya vaziri oʻrinbosari Umid Abidxoʻjayev, Ekologiya va iqlim oʻzgarishi milliy qoʻmitasi raisi oʻrinbosari Iskandar Qutbiddinov, Strategik rivojlanish va islohotlar agentligi direktorining birinchi oʻrinbosari Abdulla Abduqodirov, Taraqqiyot strategiyasi markazi ijrochi direktori Eldor Tulyakov, “Yuksalish” umummilliy harakati raisi, Qonunchilik palatasi deputati Bobur Bekmurodov ishtirok etdilar.
Taʼkidlanganidek, Prezidentimizning 2026-yil 16-fevraldagi PF–21-son Farmoni “Oʻzbekiston – 2030” strategiyasini izchil amalga oshirishning mustahkam huquqiy poydevori boʻlib, milliy taraqqiyotning yangi bosqichini boshlab bergan tarixiy hujjatdir.
Farmon orqali mamlakat taraqqiyotining 100 dan ortiq strategik maqsadlari aniq belgilab berildi. Shu bilan birga, har bir vazirlik, idora va hududning islohotlardagi shaxsiy masʼuliyati oydinlashtirildi. Bu esa natijaga yoʻnaltirilgan boshqaruvning yangi modeli, aniq koʻrsatkichlar va javobgarlik tizimini shakllantirishga xizmat qiladi.
“Oʻzbekiston – 2030” strategiyasi doirasida Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi 7 ta strategik maqsad boʻyicha asosiy masʼul idora sifatida belgilangan. Mazkur yoʻnalishlar taʼlim tizimini modernizatsiya qilish, ilm-fan salohiyatini oshirish hamda innovatsion iqtisodiyotni shakllantirishga qaratilgan.
2030-yilga borib oliy taʼlimni barcha uchun ochiq tizimga aylantirish, qamrov darajasini kamida 50 foizga yetkazish, kasbiy taʼlimda esa 9-sinf bitiruvchilarining yarmini qamrab olish rejalashtirilgan. Shuningdek, 2 million fuqaroni davlat hisobidan zamonaviy kasb-hunarga oʻqitish koʻzda tutilgan.
Taʼlim sifatini xalqaro darajaga olib chiqish maqsadida 10 ta oliy taʼlim muassasasini dunyoning “Top–1000” reytingiga kiritish, 200 ta taʼlim dasturini xalqaro akkreditatsiyadan oʻtkazish hamda ish beruvchilarning 99 foizi tomonidan oliygohlar faoliyatini ijobiy baholash darajasiga erishish vazifasi qoʻyilgan.
Ilm-fanni innovatsion iqtisodiyotning harakatlantiruvchi kuchiga aylantirish doirasida 1 600 ta amaliy tadqiqot loyihasini amalga oshirish, 1 000 ta ilmiy ishlanmani tijoratlashtirish, har million aholiga 2 000 nafar tadqiqotchi toʻgʻri kelishiga erishish rejalashtirilgan. Shuningdek, 2030-yilga qadar Global innovatsiyalar indeksida dunyoning ilgʻor 60 ta davlati qatoriga kirish maqsad qilingan.
Sohani institutsional jihatdan mustahkamlash maqsadida 41 ta strategik hujjat ishlab chiqilib, oliy taʼlim, ilm-fan, innovatsiya va maʼnaviy tarbiya sohalaridagi milliy konsepsiyalar zamon talablariga moslashtiriladi.
“Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish” yili doirasida qabul qilingan Davlat dasturi esa strategik vazifalarni amaliy bosqichga olib chiqmoqda. “Raqamli startaplar” dasturi doirasida oliygohlar ixtiyorida qoladigan mablagʻlarning 10 foizi inkubatsiya markazlarini rivojlantirishga yoʻnaltiriladi.
Joriy yilda Toshkent shahri, Buxoro, Fargʻona va Toshkent viloyatida 4 ta data-markaz, 2 ta superkompyuter hamda 15 ta oliygohda sunʼiy intellekt laboratoriyalari ishga tushirilishi rejalashtirilgan. Bu orqali 100 dan ortiq sunʼiy intellekt loyihalarini amalga oshirish imkoniyati yaratiladi.
Kasblarni rivojlantirish va yangi mehnat bozori arxitekturasini shakllantirish 2026-yilning ustuvor yoʻnalishlaridan biri sifatida belgilangan. Oliygoh bitiruvchilari va ish beruvchilar oʻrtasida raqamli ekotizim yaratilib, unda talabalarning akademik koʻrsatkichlari hamda korxonalardagi boʻsh ish oʻrinlari haqidagi maʼlumotlar onlayn tarzda aks etadi.









