Trento universiteti bilan qayta tiklanuvchi energiya sohasida ilmiy hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi
2026-02-19 17:00:00 / Vazirlik yangiliklari
Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vaziri Qoʻngʻirotboy Sharipov Italiya Respublikasining Trento universiteti professori, Rektorning ekologik barqarorlik masalalari boʻyicha delegati Marko Ragassi bilan uchrashuv oʻtkazdi.Uchrashuvda Oʻzbekiston va Italiya oʻrtasida qayta tiklanuvchi energiya, ekologik barqarorlik va “yashil” texnologiyalar sohasidagi hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama qilindi.

Xususan, “Energia Samarkand” loyihasi doirasida Samarqand viloyatida energiya transformatsiyasini amalga oshirish, dekarbonizatsiya jarayonlarini jadallashtirish hamda zamonaviy infratuzilmani rivojlantirish istiqbollari koʻrib chiqildi. Muloqot davomida loyihaning texnik-iqtisodiy asoslarini ishlab chiqish, energiya resurslarini baholash va xaritalash, moliyaviy modellashtirish, davlat-xususiy sheriklik mexanizmlarini joriy etish hamda bosqichma-bosqich amalga oshirish masalalari yuzasidan fikr almashildi.
Shu bilan birga, uchrashuvda ilmiy hamkorlikni kuchaytirish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi. Tomonlar Italiya va Oʻzbekiston oliy taʼlim muassasalari oʻrtasida qoʻshma ilmiy dasturlar va tadqiqot loyihalarini yoʻlga qoʻyish, qayta tiklanuvchi energiya va ekologik barqarorlik sohasida mutaxassislar tayyorlash, texnik malaka oshirish dasturlarini tashkil etish hamda institutsional salohiyatni mustahkamlash yuzasidan hamkorlik qilishga kelishib oldilar.
Professor Marko Ragassi ekologik barqarorlik va chiqindilarni boshqarish, atrof-muhit muhandisligi sohasidagi ilmiy tajribasi asosida qoʻshma akademik tashabbuslarni amalga oshirishga tayyor ekanini bildirdi.
Uchrashuv yakunida tomonlar qayta tiklanuvchi energiya, atrof-muhit muhofazasi va barqaror rivojlanish yoʻnalishlarida amaliy loyihalarni rivojlantirish hamda ikki mamlakat oliy taʼlim muassasalari oʻrtasidagi hamkorlikni institutsional darajada mustahkamlashga oʻzaro tayyorlik bildirdilar.




