Prezident topshirig‘i ijrosi amalda
2026-02-10 09:10:00 / Vazirlik yangiliklari

Xususan, universitetning Qurilish va Arxitektura fakultetlarining professor-o‘qituvchilari va talaba-yoshlari Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi 76 ta qizil toifadagi mahallalarga biriktirilib, ularning master-rejalarini ishlab chiqish bo‘yicha amaliy ishlarni boshladi. Bu jarayonda hududlarning mavjud infratuzilmasi, muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari, ijtimoiy obyektlar joylashuvi, yo‘l va transport tizimi, yashil hududlar hamda aholi turmush sharoiti chuqur o‘rganilmoqda.
Bu tashabbus nafaqat hududlarni obodonlashtirish va zamonaviy shaharsozlik talablari asosida qayta rejalashtirishga xizmat qilmoqda, balki talaba-yoshlar uchun ham katta amaliy maktab vazifasini o‘tamoqda. Talabalar o‘z nazariy bilimlarini real obyektlarda qo‘llash, loyiha-smeta hujjatlari bilan ishlash, hududiy tahlil o‘tkazish va zamonaviy me’moriy yechimlarni ishlab chiqish imkoniyatiga ega bo‘lmoqda. Shu asosda bugun poytaxtimiz Nukus shahridagi "Samanbay" va "Jańa zaman" mahalla fuqarolar yig‘inlarida master-reja ishlab chiqish bo‘yicha amaliy chora-tadbirlar boshlab yuborildi.
Mutaxassislar va talabalar tomonidan hududning bosh rejasini shakllantirish, zamonaviy uy-joy qurilishi, ijtimoiy soha obyektlari, bolalar maydonchalari, sport inshootlari, savdo va xizmat ko‘rsatish shoxobchalari joylashuvini optimal rejalashtirish, shuningdek, muhandislik tarmoqlarini takomillashtirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqilmoqda.









