Talabalar mahallalarning bosh rejasini ishlab chiqishda ishtirok etmoqda
2026-02-10 16:00:00 / Vazirlik yangiliklari
Prezidentimiz raisligida o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida Qarshi davlat texnika universitetida amaliy loyihalar boshlab yuborildi. Mazkur tashabbus doirasida mahallalarni kompleks rivojlantirish, infratuzilmani yaxshilash va hududlarning zamonaviy qiyofasini shakllantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.

O‘zbekiston mahallalari uyushmasi viloyat boshqarmasi, Boshqaruv samaradorligi agentligi viloyat filiali va Qarshi tumani hokimligi hamkorligida Gulshan mahallasi seminar o‘tkazildi. Seminarda mahalla bosh rejasini ishlab chiqish, qishloq ko‘chalarini zamonaviy qiyofada qurish, qurilish va energetika tizimlari loyihalarini tatbiq etish bilan bog‘liq muhim masalalar muhokama qilindi.
Endilikda universitetning arxitektura ta’lim yo‘nalishidagi 800 nafarga yaqin talaba viloyatdagi 99 ta mahalla bosh rejasini ishlab chiqishga jalb etiladi. Talabalarning kelgusidagi ilmiy tadqiqot ishlari ham aynan shu hududlardagi muammolar va ularning yechimlariga qaratiladi.
Mahallalarga yangicha qiyofa olib kiradigan eng yaxshi loyihalarni ishlab chiqqan talabalar jamoasiga 100 million so‘m miqdorida mukofot berilishi ko‘zda tutilgan.







