Samarqandda oliy va kasbiy taʼlim masalalari muhokama qilindi
2026-02-07 16:00:00 / Vazirlik yangiliklari
Samarqand viloyatida Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vaziri Qoʻngʻirotboy Sharipov hamda Samarqand viloyati hokimining yoshlar siyosati, ijtimoiy rivojlantirish va maʼnaviy-maʼrifiy ishlar boʻyicha oʻrinbosari Xusen Toʻxtayev ishtirokida yigʻilish boʻlib oʻtdi. Unda oliy taʼlim muassasalari bitiruvchilarining bandligini taʼminlash, ilmiy-innovatsion faoliyatni kuchaytirish, xorijiy investitsiya va grantlarni jalb etish hamda kasbiy taʼlim tizimidagi ustuvor vazifalar muhokama qilindi.

Yigʻilishda hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishda “oliygoh–korxona–hudud” tamoyili asosida ish olib borish, yoshlar bandligini taʼminlash va ilmiy ishlanmalarni ishlab chiqarishga joriy etish muhim vazifa sifatida qayd etildi.
Hozirgi kunda Samarqand viloyatida 19 ta oliy taʼlim tashkilotlarida 116 mingdan ortiq talaba tahsil olmoqda. Vazir 2026-yilda oliy taʼlim muassasalari faoliyatining asosiy mezoni bitiruvchilarning ish bilan taʼminlanishi boʻlishini taʼkidlab, dual taʼlim elementlari joriy etilgan dasturlar ulushini kamida 25 foizga yetkazish vazifasini belgiladi.
Shuningdek, xalqaro reytinglarda yuqori oʻrinlarni egallagan universitetlar bilan qoʻshma taʼlim dasturlarini yoʻlga qoʻyish, karyera markazlari faoliyatini kuchaytirish va ish beruvchilar bilan hamkorlikni kengaytirish boʻyicha topshiriqlar berildi.
Yigʻilishda ilmiy-innovatsion faoliyat masalalari ham koʻrib chiqildi. Oliygohlarda ilmiy darajali pedagoglar ulushi 51,2 foizga yetkazilgani, doktorantura kvotalari oshirilgani qayd etildi. Shu bilan birga, tadqiqotlarni hududlar iqtisodiyoti ehtiyojlariga yoʻnaltirish, ustuvor ilmiy yoʻnalishlarni belgilash va ishlab chiqarish bilan integratsiyani kuchaytirish vazifalari belgilab berildi.
Xorijiy investitsiya va grant mablagʻlarini oʻzlashtirish, taʼlim xizmatlari eksportini oshirish ham ustuvor yoʻnalish sifatida qayd etildi. Bu borada har bir oliygohda investitsiya loyihalari portfelini shakllantirish, xorijiy talabalarni jalb qilish va ilmiy natijalarni tijoratlashtirish boʻyicha aniq chora-tadbirlar belgilandi.
Kasbiy taʼlim tizimiga oid masalalar muhokamasida viloyatdagi 57 ta texnikum faoliyati tahlil qilinib, dual taʼlim qamrovini 20 foizga yetkazish, xalqaro taʼlim dasturlarini kengaytirish va texnikumlar samaradorligini oshirish boʻyicha vazifalar qoʻyildi.
Yigʻilish yakunida taʼlim sifati, bitiruvchilar bandligi, ilmiy-innovatsion faoliyat va xalqaro hamkorlik koʻrsatkichlarini oshirish boʻyicha aniq topshiriqlar berildi.

