Vazir “Ipak yoʻli” universitetida taʼlim va ilmiy faoliyat bilan tanishdi
2026-02-06 12:00:00 / Vazirlik yangiliklari
6-fevral kuni Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vaziri Qoʻngʻirotbay Sharipov Samarqand viloyatiga xizmat safari doirasida “Ipak yoʻli” turizm va madaniy meros xalqaro universiteti faoliyati bilan yaqindan tanishdi.

Maʼlumki, mazkur xalqaro universitet 2018-yilda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tashabbusi bilan tashkil etilgan boʻlib, bugungi kunda turizm va madaniy meros sohalari uchun yuqori malakali, zamonaviy bilim va koʻnikmalarga ega mutaxassislar tayyorlab kelmoqda. Ayni paytda universitetda mahalliy va xorijiy davlatlardan jalb etilgan yetuk professor-oʻqituvchilar tomonidan taʼlim jarayoni olib borilmoqda.
Tashrif avvalida vazir universitet rahbariyati bilan uchrashuv oʻtkazdi. Unda taʼlim sifatini yanada oshirish, ilmiy tadqiqotlarni rivojlantirish hamda xalqaro akademik hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama qilindi.
Shundan soʻng vazir universitet huzurida faoliyat yuritayotgan Xalqaro ilmiy tadqiqot institutiga tashrif buyurib, uning xodimlari bilan uchrashdi. Muloqot chogʻida institutning asosiy faoliyat yoʻnalishlari, amalga oshirilayotgan ilmiy-amaliy ishlar hamda istiqboldagi rejalar yuzasidan fikr almashildi.
Shuningdek, vazir talabalar bilan ochiq muloqot oʻtkazdi. Uchrashuv davomida taʼlim-tarbiya jarayonlarining sifati, professor-oʻqituvchilarning pedagogik yondashuvlari, talabalarning kelajak rejalari va tashabbuslari yuzasidan fikr almashildi.








