Xalqaro baholash amaliyotlarini Oʻzbekistonda qoʻllash masalasi muhokama qilindi
2026-02-05 16:50:00 / Vazirlik yangiliklari

Uchrashuv davomida taʼlim sohasida baholash tizimlarini takomillashtirish, xalqaro standartlarga mos adolatli va shaffof baholash mexanizmlarini joriy etish, shuningdek, oʻquv dasturlari va imtihon jarayonlarini raqamlashtirish masalalari muhokama qilindi.
Tomonlar AQA Global Assessment Serviches’ning oʻquv dasturlarini ishlab chiqish, imtihon va test materiallarini yaratish, baholash mezonlarini belgilash hamda onlayn baholash tizimlarini joriy etish borasidagi xalqaro tajribasi bilan tanishdilar. Ayniqsa, baholash jarayonlarida zamonaviy texnologiyalardan foydalanish orqali inson omilini kamaytirish, natijalarning xolisligi va ishonchliligini taʼminlash masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.
Shuningdek, taʼlim sohasida raqamli transformatsiya, maʼlumotlarni tahlil qilish, taʼlim sifati monitoringi hamda milliy baholash tizimlarini xalqaro amaliyotlar asosida takomillashtirish yoʻnalishlarida hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi.
Uchrashuv yakunida tomonlar oʻzaro manfaatli hamkorlikni yoʻlga qoʻyish, qoʻshma loyihalarni ishlab chiqish hamda tajriba almashishni yanada faollashtirishga tayyor ekanliklarini bildirdilar.






