Sun’iy intellekt texnologiyalaridan foydalanishda axborot xavfsizligi masalalariga bag‘ishlangan o‘quv-seminar tashkil etildi
2026-02-05 14:05:00 / Vazirlik yangiliklari

Seminar vazirlik binosida onlayn va oflayn formatda tashkil etildi. Tadbirni Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirining birinchi o‘rinbosari Sardor Rajabov kirish so‘zi bilan ochib berib, oliy ta’lim tizimida raqamli transformatsiya jarayonlari jadallashib borayotganini, sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy etishda axborot xavfsizligi va shaxsga doir ma’lumotlar himoyasini ta’minlash dolzarb vazifa ekanini ta’kidladi.
Shuningdek, vazirlik huzuridagi Raqamli ta’lim texnologiyalarini rivojlantirish markazi direktori Alisher Abdullayev “Oliy ta’lim boshqaruvida raqamli transformatsiya va sun’iy intellekt yechimlari” mavzusida ma’ruza qildi.
“Kiberxavfsizlik markazi” DUK vakillari tomonidan sun’iy intellektdan foydalanishda yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan kiberxavflar, ularning oldini olish va aniqlash mexanizmlariga bag‘ishlangan ma’ruzalar taqdim etildi. Shuningdek, “Cyber University” davlat universiteti vakili tomonidan “Sun’iy intellekt davrida raqamli gigiyena” mavzusi yoritildi.
Seminar yakunida ishtirokchilar bilan savol-javob va ochiq muhokama o‘tkazilib, sun’iy intellekt texnologiyalaridan foydalanishda axborot xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha muhim tavsiyalar berildi.
Mazkur o‘quv-seminar rahbar va mas’ul xodimlarda sun’iy intellekt texnologiyalaridan ongli, mas’uliyatli va xavfsiz foydalanish ko‘nikmalarini shakllantirishga xizmat qildi.









