Mahallalarni rivojlantirishda zamonaviy master-rejalarni joriy etish masalalari muhokama qilindi
2026-02-04 18:25:00 / Vazirlik yangiliklari

Yigʻilishda respublikadagi 903 ta mahalla bilan ishlashni tashkil etish masalalari muhokama qilinib, Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda Qurilish vazirligi vakillari, shuningdek, Toshkent arxitektura-qurilish universiteti rahbarlari ishtirokida arxitektura yoʻnalishlarida tahsil olayotgan talabalar amaliyotini tashkil qilish boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlar va kelgusida bajarilishi lozim boʻlgan vazifalar belgilab olindi.
Prezident videoselektor yigʻilishida belgilangan vazifalardan kelib chiqqan holda, hududlarni kompleks rivojlantirish, mahallalar qiyofasini yangilash va infratuzilmani takomillashtirishda zamonaviy master-rejalarning ahamiyati alohida taʼkidlandi. Biriktirilgan mahallalar kesimida geodezik, topografik va kadastr maʼlumotlarini toʻplash, dron va sunʼiy yoʻldosh tasvirlaridan foydalanish vazifasi belgilandi.
Xususan, arxitektura yoʻnalishida kadrlar tayyorlovchi oliy taʼlim tashkilotlari rektorlariga yil yakuniga qadar qator vazifalar ijrosini taʼminlash topshirildi. Bunda aholi oʻrtasida ijtimoiy-iqtisodiy soʻrovlar oʻtkazish, muhandislik va ijtimoiy infratuzilma holati boʻyicha tahliliy hisobotlar tayyorlash, tranzit va harakat oqimlarini tahlil qilish ishlari amalga oshiriladi.Infratuzilma, yer resurslari, sogʻliqni saqlash, taʼlim va ekologik zonalarni qamrab olgan GIS platformalarini yaratish yoki kengaytirish, hududlarning 3D modellari hamda “digital twin” pilot loyihalarini shakllantirish boʻyicha takliflar ishlab chiqiladi.
Shaharsozlik, ijtimoiy dinamika va infratuzilma masalalari boʻyicha akademik tadqiqotlar oʻtkazish, jamoatchilik muhokamalari uchun vizual materiallar tayyorlash hamda mahalla va tuman (shahar) hokimliklari uchun trening va vorkshoplar tashkil etish koʻzda tutildi. Shu bilan birga, biriktirilgan mahallalar boʻyicha barcha yoʻnalishlarni qamrab olgan kompleks pasportlar tayyorlash hamda ularning ixtisoslashuv yoʻnalishlarini aniqlash vazifasi belgilab berildi.
Shuningdek, hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishda arxitektura va shaharsozlik taʼlimining oʻrni, oliygohlar ilmiy salohiyatini hududiy muammolar yechimiga yoʻnaltirish, talabalarning amaliyot jarayonlarida xorijiy kompaniyalar loyihalarida ishtirokini taʼminlash masalalari koʻrib chiqildi. Bunda soʻrovnomalar oʻtkazish, mahalliy va xorijiy investorlar bilan hamkorlik qilish masalalariga ham alohida eʼtibor qaratildi.






