Rasmiy munosabat
2026-01-08 18:00:00 / Vazirlik yangiliklari
Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universiteti akademik litsey faoliyatining bosqichma-bosqich tugatilishi yuzasidan

Oliy taʼlim sohasida xalqaro hamkorlikni kengaytirish, Fransiya Respublikasining yetakchi oliy taʼlim muassasalari taʼlim dasturlari asosida raqobatbardosh, zamonaviy bilim va koʻnikmalarga ega mutaxassislar tayyorlash maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 26-noyabrdagi PQ–354-sonli “Oʻzbek–Fransuz universitetini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori qabul qilingan.
Mazkur qarorga 2-ilova sifatida tasdiqlangan Oʻzbek–Fransuz universiteti faoliyatini tashkil etish boʻyicha “Yoʻl xaritasi”da Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universiteti akademik litseyi faoliyatini bosqichma-bosqich tugatish nazarda tutilgan. Ushbu jarayon 2027-yil may oyiga qadar amalga oshirilishi belgilangan.
Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universiteti akademik litseyida oʻquvchilarga ikki yoʻnalishda — “Xorijiy tillar” hamda “Ijtimoiy-gumanitar fanlar” yoʻnalishlari boʻyicha taʼlim berib kelinmoqda. Ayni paytda Toshkent shahrida faoliyat yuritayotgan 23 ta akademik litseyda ham mos va turdosh yoʻnalishlar boʻyicha taʼlim yoʻlga qoʻyilgan boʻlib, ularda barcha yoʻnalishlar kesimida oʻquvchilarni qabul qilish va sifatli taʼlim berish uchun yetarli shart-sharoit va imkoniyatlar mavjud.
Akademik litsey faoliyati tugatilishi munosabati bilan u yerda ishlab kelayotgan rahbar, pedagog va boshqa xodimlarning mehnat huquqlari Oʻzbekiston Respublikasining amaldagi mehnat qonunchiligi asosida taʼminlanadi. Yaʼni ular bilan bogʻliq mehnat munosabatlari belgilangan tartibda, barcha ijtimoiy kafolatlar saqlangan holda hal etiladi.
Shuni alohida taʼkidlash joizki, mazkur qaror biror taʼlim yoʻnalishi yoki oʻzbek tiliga boʻlgan eʼtiborning pasayishi bilan bogʻliq emas. U taʼlim tizimini optimallashtirish, xalqaro tajribani joriy etish hamda mamlakatimizda yuqori malakali kadrlar tayyorlash imkoniyatlarini kengaytirishga qaratilgan boʻlib, davlat tiliga va uning taʼlimdagi oʻrniga nisbatan salbiy munosabatni anglatmaydi.
