MUNIS loyihasi: erishilgan natijalar va ikkinchi bosqich istiqbollari muhokama qilindi
2026-02-04 12:00:00 / Vazirlik yangiliklari
Joriy yilning 3-fevral kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligida Jahon banki vakillari bilan “O‘zbekiston milliy innovatsion tizimini modernizatsiya qilish” (MUNIS) loyihasini amalga oshirish natijalari hamda uning ikkinchi bosqichini ishga tushirish istiqbollari muhokama qilindi.

Uchrashuvda O‘zbekiston Respublikasi oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri o‘rinbosari O‘ktam Salomov, Jahon banki ekspertlari Yerali Beksultan, Anna Ubaydullayeva va Gauhar Ospanova, hamda “MUNIS” loyihasini amalga oshirish guruhi rahbari Dilshod Azgarov ishtirok etdi.
Tomonlar uchrashuv davomida milliy innovatsion ekotizimni mustahkamlash, ilmiy-tadqiqot infratuzilmasini rivojlantirish, ilmiy tashkilotlar salohiyatini oshirish hamda ilmiy faoliyat natijalarini tijoratlashtirishga qaratilgan MUNIS loyihasining asosiy yutuqlarini muhokama qildilar. Shuningdek, loyihani amalga oshirishning institutsional va tashkiliy jihatlari, asosiy manfaatdor tomonlar bilan samarali hamkorlik tajribasiga alohida e’tibor qaratildi.
Bundan tashqari, ilm-fan, texnologiya va innovatsiyalar sohasidagi islohotlarni yanada jadallashtirish, ilmiy va innovatsion tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlash mexanizmlarini kengaytirish, xususiy sektor hamda xalqaro hamkorlik rolini kuchaytirishga qaratilgan MUNIS loyihasining ikkinchi bosqichi ustuvor yo‘nalishlari yuzasidan fikr almashildi.
Uchrashuv yakunida tomonlar konstruktiv hamkorlikni izchil davom ettirish va O‘zbekiston milliy innovatsion tizimini barqaror rivojlantirishga qaratilgan qo‘shma tashabbuslarni amalga oshirishdan o‘zaro manfaatdor ekanliklarini bildirdilar.






