Samarqandda Oʻzbekiston–Italiya hamkorligi doirasida ikki kunlik xalqaro ilmiy-amaliy seminarlar boʻlib oʻtdi
2026-02-03 19:00:00 / Vazirlik yangiliklari
Samarqand shahrida Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi qoʻllab-quvvatlashida, Samarqand davlat arxitektura-qurilish universiteti hamda Italiyaning Università dʼAnnunzio Pescara universiteti hamkorligida ikki kunlik xalqaro ilmiy-amaliy seminarlar tashkil etildi .

Tantanali ochilish marosimida Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vaziri Qoʻngʻirotboy Sharipov soʻzga chiqib, Oʻzbekiston–Italiya ilmiy va taʼlimiy hamkorligining amaliy natijalarga yoʻnaltirilgan yangi bosqichga koʻtarilayotganini taʼkidladi. Vazir ushbu hamkorlik qoʻshma taʼlim dasturlari, ikki diplomli loyihalar, ilmiy-tadqiqot ishlari va innovatsion markazlar tashkil etish orqali amaliy natijalarga yoʻnaltirilgan yangi bosqichga koʻtarilayotganini qayd etdi. Shuningdek, urbanizatsiya, barqaror shaharlar, muhandislik va arxitektura, ekologiya hamda seysmik xavfsizlik yoʻnalishlarida italiyalik hamkorlar bilan tajriba almashish mamlakatimiz oliy taʼlim va ilm-fan salohiyatini oshirishga xizmat qilayotganini alohida taʼkidladi.
Tadbirning birinchi kuni “Yangi urbanizatsiya konsepsiyasi: urbanizatsiya, sanʼat va madaniyat, muhandislik va arxitektura, ekobarqarorlik. Italiya va Oʻzbekiston tajribasi” mavzusiga bagʻishlandi. Seminar doirasida zamonaviy shaharsozlik, barqaror rivojlanish, madaniy merosni asrash, energiya samarador yechimlar hamda arxitektura va muhandislik sohasidagi ilgʻor yondashuvlar muhokama qilindi.
Ikkinchi kuni “Inshootlarni seysmik himoyalash: Italiya va Oʻzbekiston tajribasi” mavzusida xalqaro seminar boʻlib oʻtdi. Unda seysmik xavflarni baholash, zamonaviy seysmik izolyatsiya texnologiyalari, strategik va tarixiy inshootlarni muhofaza qilish masalalari muhokama qilindi. Italiya va Oʻzbekistonning yetakchi mutaxassislari tomonidan ilmiy maʼruzalar taqdim etildi, amaliy tavsiyalar berildi.
Ikki kunlik tadbirlar Oʻzbekiston va Italiya oʻrtasida taʼlim, fan va innovatsiyalar sohasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlash, zamonaviy shaharsozlik va seysmik xavfsizlik boʻyicha ilmiy-amaliy yechimlarni ishlab chiqishga xizmat qilgani bilan ahamiyatli boʻldi.
Tadbirda davlat va xalqaro tashkilotlar, Oʻzbekiston va Italiya oliy taʼlim muassasalari vakillari, ekspertlar, professor-oʻqituvchilar hamda talabalar ishtirok etdi.
Tadbirlar doirasida SamDAQU va Gabriele dʼAnnunzio University of Chieti-Pescara (Italiya), Hanseo University (Janubiy Koreya), Qoraqalpoq Davlat Universiteti, Crisci Management (Italiya) oʻrtasida anglashuv memorandumlari imzolandi hamda innovatsiya va startaplarni rivojlantirish boʻyicha hamkorlik kelishuvlari yoʻlga qoʻyildi.







