Rim shahrida Ikkinchi Oʻzbekiston–Italiya rektorlar forumi boʻlib oʻtadi
2026-02-02 17:00:00 / Vazirlik yangiliklari
2026-yil 2-fevral kuni Oʻzbekiston Respublikasi Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vaziri Qoʻngʻirotboy Sharipov Italiya Respublikasining Oʻzbekistondagi Favqulodda va Muxtor Elchisi Gvido De Sanktis bilan uchrashuv oʻtkazdi.

Mazkur uchrashuv yangi tayinlangan elchining vazirlikka amalga oshirgan ilk tashrifi doirasida boʻlib, unda Oʻzbekiston va Italiya oʻrtasida oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar sohalarida izchil rivojlanayotgan hamkorlik aloqalari, amalga oshirilayotgan qoʻshma loyihalar hamda istiqboldagi ustuvor yoʻnalishlar muhokama qilindi.
Xususan, joriy yil 18-fevral kuni Rim shahrida boʻlib oʻtadigan Ikkinchi Oʻzbekiston–Italiya rektorlar forumiga alohida eʼtibor qaratildi. Qayd etilganidek, ushbu forum ikki davlat oliy taʼlim muassasalari oʻrtasida toʻgʻridan-toʻgʻri hamkorlikni yanada mustahkamlash, qoʻshma taʼlim dasturlari, ilmiy tadqiqotlar va akademik almashinuvlarni kengaytirish uchun muhim xalqaro platforma hisoblanadi.
Tomonlar forumni yuqori saviyada oʻtkazish, uni amaliy natijalarga yoʻnaltirish hamda erishilgan kelishuvlarni aniq loyihalar orqali hayotga tatbiq etish muhimligini taʼkidladilar. Uchrashuv yakunida Oʻzbekiston va Italiya oʻrtasidagi taʼlim va ilm-fan sohasidagi strategik sheriklikni yanada chuqurlashtirishga oʻzaro tayyorlik bildirildi.





