Aholi va qishloq xoʻjaligini roʻyxatga olish masalalari boʻyicha oliy taʼlim tashkilotlari rahbarlari ishtirokida yigʻilish oʻtkazildi
2026-02-02 13:15:00 / Vazirlik yangiliklari
2-fevral kuni Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vaziri Qoʻngʻirotboy Sharipov rahbarligida oliy taʼlim tashkilotlari rahbarlari ishtirokida yigʻilish boʻlib oʻtdi.

Yigʻilishda aholi va qishloq xoʻjaligini roʻyxatga olish tadbirlarini yuqori saviyada tashkil etish masalalari muhokama qilindi. Taʼkidlanganidek, aholi va qishloq xoʻjaligini roʻyxatga olish jarayonlari mamlakatda demografik holat, mehnat resurslari, ijtimoiy infratuzilma hamda hududiy rivojlanishni ilmiy asosda rejalashtirishda muhim ahamiyat kasb etadi. Mazkur tadbirlar xalqaro standartlar asosida, zamonaviy raqamli yechimlardan foydalangan holda amalga oshirilmoqda.
Maʼlumki, roʻyxatga olish ishlari joriy yilning 15-yanvaridan 28-fevraliga qadar ikki bosqichda oʻtkazilmoqda. Birinchi bosqichda fuqarolar maxsus elektron platforma orqali onlayn tarzda roʻyxatdan oʻtgan boʻlsa, ikkinchi bosqichda “mahalla yettiligi” xodimlari tomonidan uyma-uy yurib, savolnomalar planshet qurilmalari orqali toʻldiriladi.
Yigʻilishda oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar tizimida faoliyat yuritayotgan akademik litseylar, texnikumlar hamda oliy taʼlim muassasalari oʻquvchi va talabalarining roʻyxatdan oʻtish koʻrsatkichlari atroflicha tahlil qilindi. Shu bilan birga, targʻibot ishlarini yanada kuchaytirish, volontyorlar faolligini oshirish va jarayonni toʻliq qamrab olish boʻyicha aniq vazifalar belgilab berildi.
Yigʻilish yakunida oliy taʼlim tashkilotlari rahbarlari belgilangan vazifalar ijrosi uchun shaxsan masʼul ekani taʼkidlanib, barcha topshiriqlarni tizimli, sifatli va oʻz vaqtida bajarish talab etildi.









