Yoshlar orasida giyohvandlik va narkojinoyatlarning oldini olish: kompleks choralar va aniq natijalar
2026-01-30 12:00:00 / Vazirlik yangiliklari

Anjumanda Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi, Narkotiklar va oʻqotar qurollarni nazorat qilish agentligi, Sogʻliqni saqlash vazirligi, Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi, Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi, Yoshlar ishlari agentligi hamda Oʻzbekiston mahallalari uyushmasi vakillari ishtirok etdilar.
Matbuot anjumanida soʻzga chiqqan Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vaziri oʻrinbosari Oʻktam Salomov talabalar oʻrtasida giyohvandlik va narkojinoyatlarning oldini olish masalalari vazirlik faoliyatida doimo ustuvor yoʻnalish boʻlib kelayotganini taʼkidladi.
Maʼlum qilinishicha, Shavkat Mirziyoyevning 2025-yil 3-noyabrdagi “Aholi salomatligi va millat genofondini giyohvandlik va narkojinoyatlardan samarali himoya qilish boʻyicha kompleks chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Farmoni ijrosi doirasida Ichki ishlar vazirligi va Narkotiklar va oʻqotar qurollarni nazorat qilish agentligi bilan hamkorlikda oliy taʼlim tashkilotlarida profilaktika va targʻibot ishlari tizimli ravishda kuchaytirildi. Jumladan, “Giyohvandlikka yoʻq deymiz!” shiori ostida 187 ta tarbiyaviy-profilaktik tadbir oʻtkazilib, 37 mingdan ortiq talaba-yoshlar qamrab olindi. Mahallalarda uyushmagan yoshlar ishtirokida ham shu mavzuda 187 ta profilaktik tadbir tashkil etildi.
Bundan tashqari, 116 ta oliy taʼlim muassasasida “Yosh targʻibotchilar guruhlari” faoliyati yoʻlga qoʻyilib, 2025-yil noyabr–dekabr oylarida 248 ta maqsadli tadbir amalga oshirildi. “Mahalla — oilaviy poliklinika — taʼlim muassasasi” tamoyili asosida oʻtkazilgan 311 ta qoʻshma profilaktik tadbirda esa qariyb 59 ming nafar yoshlar ishtirok etdi.
Oliygohlarda “Qalqon” xavfsizlik patrullari tashkil etilib, minglab talabalar va professor-oʻqituvchilar ushbu tuzilmalarga jalb etildi. Shuningdek, teatr studiyalari, sport va maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlar orqali giyohvandlikka qarshi murosasiz munosabatni shakllantirishga alohida eʼtibor qaratildi.
Anjumanda kelgusida amalga oshiriladigan ishlar rejasi ham taqdim etildi. Unga koʻra, 2026-yil davomida profilaktika inspektorlari uchun oʻquv-amaliy seminarlar oʻtkazish, “Qalqon” patrullari faoliyatini monitoring qilish, respublika miqyosida sahna koʻrinishidagi bellashuvlarni tashkil etish, shuningdek, yoshlarni ommaviy sportga keng jalb etish choralari amalga oshiriladi.
Qayd etilganidek, giyohvandlikka qarshi kurashda eng samarali yoʻl — yoshlarni sogʻlom turmush tarzi, sport va maʼrifatga yoʻnaltirishdir. Shu maqsadda barcha taʼlim muassasalarida kompleks va uzluksiz profilaktik ishlar izchil davom ettiriladi.






