BIMO–2026 va BICHO–2026: yuqori saviya, kuchli raqobat, munosib natijalar
2026-01-30 09:00:00 / Vazirlik yangiliklari

Mazkur nufuzli musobaqalarda 75 ta xorijiy va respublika oliy ta’lim muassasalaridan jami 95 ta jamoa ishtirok etdi. “BICHO–2026” xalqaro kimyo olimpiadasida 41 ta jamoa qatnashib, Andijon davlat texnika instituti, Buxoro davlat universiteti (O‘zbekiston), Magtymguly Turkmen State University (Turkmaniston) hamda Rossiya xalqlar do‘stligi universiteti (RUDN) (Rossiya) jamoalari Super kubok sovrindorlari bo‘ldi. Olimpiada yakunlariga ko‘ra, ishtirokchilar 19 ta oltin, 26 ta kumush va 40 ta bronza medal bilan taqdirlandilar.
“BIMO–2026” xalqaro matematika olimpiadasida esa 54 ta jamoa bellashdi. Unda Xalqaro gumanitar fanlar va taraqqiyot universiteti (Turkmaniston), Rossiya xalqlar do‘stligi universiteti (RUDN), Andijon davlat universiteti, Toshkent xalqaro moliyaviy boshqaruv va texnologiyalar universiteti (O‘zbekiston) hamda Lomonosov nomidagi Moskva davlat universiteti (Rossiya) jamoalari Super kubok bilan taqdirlandi. Mazkur olimpiadada 29 ta oltin, 46 ta kumush va 56 ta bronza medal topshirildi.
“BIMO–2026” va “BICHO–2026” yakunlariga ko‘ra, eng yuqori ko‘rsatkichlarni qayd etgan yetakchi OTMlar qatorida Buxoro davlat universiteti, Samarqand davlat pedagogika instituti, Magtymguly Turkmen State University, Rossiya xalqlar do‘stligi universiteti (RUDN) hamda Lomonosov nomidagi Moskva davlat universiteti alohida ajralib turdi.
Xususan, Buxoro davlat universiteti matematika va kimyo fanlari bo‘yicha umumiy hisobda eng ko‘p medallarni qo‘lga kiritib, BIMO–2026 doirasida 5 ta oltin, 3 ta kumush va 1 ta bronza, BICHO–2026 doirasida esa 6 ta oltin, 1 ta kumush va 1 ta bronza medal bilan yetakchi OTM sifatida e’tirof etildi. Samarqand davlat pedagogika instituti matematika fanida 5 ta oltin medalni qo‘lga kiritdi. Magtymguly Turkmen State University kimyo va matematika yo‘nalishlarida jami 4 ta oltin va 1 ta kumush medalni qo‘lga kiritdi. RUDN ikki fan bo‘yicha barqaror natija qayd etib, 5 ta oltin, 2 ta kumush va 3 ta bronza medal bilan taqdirlandi. Lomonosov nomidagi Moskva davlat universiteti matematika fanida 3 ta oltin va 1 ta kumush medalga sazovor bo‘ldi.
Shuningdek, olimpiadalarda Andijon davlat universiteti, Andijon davlat texnika instituti, Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universiteti, Guliston davlat universiteti, Farg‘ona davlat universiteti, Navoiy davlat universiteti, Qarshi davlat universiteti, Termiz davlat universiteti, Urganch davlat universiteti, Urganch davlat pedagogika instituti, Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti, Toshkent axborot texnologiyalari universiteti, Toshkent xalqaro moliya va texnologiyalar universiteti, Samarqand davlat universiteti, Jizzax davlat pedagogika universiteti, Nukus davlat pedagogika instituti, shuningdek Turkmaniston, Rossiya, Xitoy va Tojikistonning qator yetakchi oliy ta’lim muassasalari talabalari faol ishtirok etib, oltin, kumush va bronza medallar bilan taqdirlandilar.
Mazkur natijalar olimpiadalarning keng geografiya, kuchli raqobat va yuqori ilmiy saviya asosida o‘tkazilganini, shuningdek ishtirokchi OTMlarda olib borilayotgan ta’lim hamda ilmiy-tadqiqot ishlarining samaradorligini yaqqol namoyon etdi.







