Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti davlat stipendiyasining respublika bosqichi boʻlib oʻtmoqda
2026-01-29 15:55:00 / Vazirlik yangiliklari
Bugun, 29-yanvar kuni Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi tomonidan 2025/2026 oʻquv yili uchun magistratura bosqichi boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti davlat stipendiyasi tanlovining respublika bosqichi oʻtkazilyapti.

Joriy oʻquv yilida magistratura boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti davlat stipendiyasi uchun 22 ta tanlov yoʻnalishi boʻyicha 22 ta kvota ajratilgan. Ushbu yoʻnalishlar boʻyicha respublika bosqichiga qadar oliy taʼlim muassasalaridan 195 nafar talabgorning hujjatlari qabul qilindi.
Hujjatlarni saralash natijasida, kamchiliklar aniqlanmagan 161 nafar talabgor Maxsus komissiyaga taqdim etildi va ular Bilim va malakalarni baholash agentligi tomonidan oʻtkazilgan test sinovlarida ishtirok etish uchun tavsiya etildi. Test jarayonlarida 7 nafar talabgor turli sabablarga koʻra ishtirok eta olmadi.
Test sinovlari natijalariga muvofiq, 22 ta tanlov yoʻnalishi boʻyicha jami 61 nafar talabgor respublika bosqichi — suhbat jarayoniga tavsiya etildi.
Respublika bosqichi doirasida oʻtkazilgan suhbatlarda talabgorlarning ilmiy-tadqiqot ishlaridagi faolligi, akademik koʻrsatkichlari, ijtimoiy va jamoatchilik faolligi, tanlangan mutaxassislik boʻyicha nazariy va amaliy bilimlari kompleks tarzda baholandi.
Tanlovning barcha bosqichlari toʻliq raqamlashtirilgan elektron tizim orqali amalga oshirilib, talabgorlarga oʻz natijalarini koʻrish va belgilangan tartibda apellyatsiya berish imkoniyati yaratildi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti davlat stipendiyasi iqtidorli va tashabbuskor yoshlarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash, ularning ilmiy va innovatsion salohiyatini rivojlantirishga qaratilgan muhim mexanizm hisoblanadi.
Tanlov natijalari belgilangan tartibda vazirlik rasmiy saytida eʼlon qilinadi.









