Lyaonin pedagogika universiteti vakillari bilan UrDU rahbariyatining rasmiy muloqoti bo‘lib o‘tdi
2026-01-28 18:05:00 / Vazirlik yangiliklari
Bugun, 28-yanvar kuni Abu Rayhon Beruniy nomidagi Urganch davlat universitetida Xitoy Xalq Respublikasining Lyaonin pedagogika universiteti delegatsiyasi vakillari bilan Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligining Oliy taʼlimni rivojlantirish tadqiqotlari markazi direktori A.Xoliqov hamda universitet rektori v.v.b. S.Xodjaniyozov boshchiligida rahbariyatning rasmiy uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.

Uchrashuv avvalida universitet rektori v.v.b. S.Xodjaniyozov tomonidan Urganch davlat universitetining bugungi salohiyati va rivojlanish istiqbollari yuzasidan atroflicha maʼlumotlar taqdim etildi. Ta’lim yo‘nalishlari va mutaxassisliklar, ilmiy-innovatsion faoliyat, xalqaro hamkorlik aloqalari, moddiy-texnik baza, universitetda xitoy tilining ikkinchi til sifatida o‘qitilishi, shuningdek, Xitoy oliygohlari bilan yo‘lga qo‘yilgan hamkorlik aloqalari haqida batafsil ma’lumot berildi.
Rasmiy uchrashuv doirasida har ikkala oliygoh o‘rtasida o‘zaro manfaatli ta’lim va ilmiy hamkorlikni rivojlantirish, qo‘shma dasturlar va istiqbolli loyihalarni amalga oshirish hamda Xiva shahrida Konfutsiy institutini tashkil etish masalalari muhokama qilindi.
Muloqot natijasi o‘laroq, tomonlar sun’iy intellekt, kimyo hamda GIS texnologiyalari yo‘nalishlarida qo‘shma ta’lim dasturlarini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha shartnoma imzolash, shuningdek, Xiva shahrida Konfutsiy institutini tashkil etish yuzasidan zarur hujjatlar paketini tayyorlash bo‘yicha o‘zaro kelishib oldilar.
Ta’kidlash joizki, Konfutsiy institutining tashkil etilishi xitoy tiliga qiziquvchi xorazmlik yoshlar uchun katta imkoniyatlar eshigini ochadi. Mazkur institut orqali talabalar xitoy tilini chuqur o‘rganish, Xitoy madaniyati bilan yaqindan tanishish, shuningdek, Xitoy oliy ta’lim muassasalari tomonidan ajratiladigan turli grant va stipendiya dasturlarida ishtirok etish imkoniyatiga ega bo‘ladilar.






