Ustozga bag‘ishlangan asar
2026-01-28 15:25:00 / Vazirlik yangiliklari
Iste’dodli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash "Ulug‘bek" jamg‘armasi hamda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi tashabbusi bilan yoshlarga atab chop etilgan "Muhandis" ma’rifiy romanining taqdimot marosimi bo‘lib o‘tdi.

Taqdimotda poytaxt va hududlardagi oliy ta’lim muassasalari rahbarlari, mutaxassislar, fakultet dekanlari, yosh professor-o‘qituvchilar, doktorantlar, tadqiqotchilar va talabalar ishtirok etishdi.
O‘zbekiston xalq yozuvchisi Isajon Sulton qalamiga mansub ushbu asarga yurtimizda milliy muhandislik maktabini yaratishga katta hissa qo‘shgan davlat va jamoat arbobi, akademik Oqil Umrzoqovich Salimovning hayot yo‘li va faoliyati asos qilib olingan. Ushbu asar mamlakatimizda muhandislik sohasining qariyb yuz yillik rivojlanish tarixini oddiy xalq orasidan yetishib chiqib, zamonaviy bilimlarga qiziqqan, tirishqoqligi va zehniyati tufayli yetuk olim va ustoz bo‘lib tanilgan yurt farzandi misolida aks ettiradi. Romanda mamlakat taraqqiyoti uchun bugungi kunda yanada dolzarb ahamiyat kasb etgan muhandislik sohasida, davrning ilg‘or texnikasini qo‘llash va takomillashtirish borasida olib borilgan ilmiy izlanishlar va amaliy faoliyatlar, mamlakatda milliy muhandislar qatlamining shakllanishi jarayonidagi ziddiyatlar, shuningdek, asar qahramonining murakkab hayot yo‘li haqida so‘z yuritilgan.
Tadbirda Iste’dodli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash "Ulug‘bek" jamg‘armasi raisi, akademik Oqil Salimov, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri o‘rinbosari O‘ktam Salomov, O‘zbekiston xalq yozuvchisi Isajon Sulton, filologiya fanlari doktori, professor Bahodir Karimov, Toshkent davlat texnika universiteti rektori, akademik Sadriddin Turobjonov, Toshkent shahridagi Belarus-O‘zbekiston qo‘shma tarmoqlararo amaliy texnik kvalifikatsiyalar instituti rektori Azizbek Bahodirov, siyosiy fanlar doktori, professor Narzulla Jo‘rayev so‘zga chiqib, kitob to‘g‘risida o‘z fikr va mulohazalarini bildirib o‘tishdi.
Ushbu asar yetishib kelayotgan yosh avlodga mamlakatda milliy muhandislar tayyorlash va milliy ishlab chiqarish korxonalari barpo qilish borasidagi sa’y-harakatlar, bu borada duch kelingan to‘siqlar, milliy mutaxassislar tayyorlashda fidoyilik va jonbozlik ko‘rsatgan ustozlar, mamlakat taraqqiyoti uchun o‘ta muhim sanalgan ushbu sohaning bugungi kundagi taraqqiyot istiqbollari haqida xalqona tilda, hayotiy misollar bilan hikoya qilib beradi.
Taqdimot marosimida O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi huzuridagi Kinematografiya agentligi tomonidan mazkur asar asosida badiiy film suratga olish uchun qiziqish bildirilganligi ma’lum qilindi.


