Oʻzbekiston va Kanada oliy taʼlim sohasida hamkorlikni kengaytiradi
2026-01-27 18:00:00 / Vazirlik yangiliklari

Uchrashuvda oliy taʼlim, ilmiy tadqiqotlar, akademik almashinuv, qoʻshma va dual taʼlim dasturlarini joriy etish, shuningdek, innovatsiya va kadrlar tayyorlash sohalarida hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama qilindi.
Vazirning birinchi oʻrinbosari Sardor Radjabov soʻnggi yillarda mamlakatimizda oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar sohasida amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlar, taʼlim bilan qamrov darajasining oshishi, ilmiy tadqiqotlarni qoʻllab-quvvatlash va xalqaro hamkorlikka qaratilgan chora-tadbirlar haqida maʼlumot berdi.
Guyelf universiteti vakili Ben Bredshou universitet faoliyati bilan tanishtirib, ushbu taʼlim muassasasi qishloq xoʻjaligi fanlari, veterinariya, hayot fanlari va biotexnologiya sohalarida jahon miqyosida yetakchi oʻrinlarni egallashini taʼkidladi. Shuningdek, kiberxavfsizlik, sunʼiy intellekt, ekologik barqarorlik, mehmondoʻstlik va turizm yoʻnalishlarida ham zamonaviy taʼlim va ilmiy dasturlar amalga oshirilayotgani qayd etildi.
Uchrashuv davomida hamkorlikni rivojlantirishning asosiy yoʻnalishlari yuzasidan atroflicha fikr almashildi. Xususan, qoʻshma taʼlim dasturlarini joriy etish masalasi muhokama qilinib, yoshlarning taʼlimni Oʻzbekiston oliygohlarida boshlab, keyinchalik Guyelf universitetida davom ettirishi imkoniyatlari koʻrib chiqildi.
Shu bilan birga, ilmiy tadqiqotlar va akademik almashinuv sohasida hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama qilindi. Tomonlar PhD ilmiy darajasida talaba va olimlar almashinuvini yoʻlga qoʻyish, qoʻshma ilmiy tadqiqot loyihalari va xalqaro grantlarda birgalikda ishtirok etish, shuningdek, ikki tomon universitetlari qoshidagi ilmiy markazlar oʻrtasida toʻgʻridan toʻgʻri hamkorlikni rivojlantirish imkoniyatlarini qoʻllab-quvvatlashga tayyor ekanliklarini bildirdilar.
Yakunda tomonlar oʻzaro manfaatli hamkorlikni qoʻllab-quvvatlash, amaliy loyihalarni bosqichma-bosqich amalga oshirish va hamkorlikni yanada chuqurlashtirishga kelishib oldilar.



