Buxoro davlat universitetida BIMO–2026 va BICHO–2026 xalqaro fan olimpiadalari bo‘lib o‘tmoqda
2026-01-27 15:20:00 / Vazirlik yangiliklari
Buxoro davlat universitetida “Bukhara International Mathematics Olympiad – 2026 (BIMO–2026)” hamda “Bukhara International Chemistry Olympiad – 2026 (BICHO–2026)” xalqaro fan olimpiadalari yuqori saviyada tashkil etilmoqda. Mazkur nufuzli intellektual bellashuvlarda dunyoning 10 dan ortiq davlatidan — jumladan, Rossiya, Turkmaniston, Iordaniya, Pokiston, Ozarbayjon, Hindiston, Xitoy va Tojikistondan kelgan jamoalar ishtirok etmoqda. Umumiy hisobda 100 dan ortiq jamoa, 500 nafardan ziyod iqtidorli talabalar hamda 10 dan ortiq xorijiy va 50 dan ortiq respublika oliy ta’lim muassasalari vakillari qatnashmoqda.

Xalqaro olimpiadalar tantanali ochilish marosimi O‘zbekiston Respublikasining Davlat madhiyasi sadolari ostida boshlandi. Tadbirni BuxDU rektori nomidan universitetning xalqaro hamkorlik bo‘yicha prorektori Abror Jo‘rayev ochib berdi. Marosimda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi huzuridagi Oliy ta’limni rivojlantirish tadqiqotlari markazi rahbari Abduvali Xoliqov vazir nomidan tabrik yo‘lladi. Shuningdek, Buxoro viloyati hokimi o‘rinbosari Hafiza Artikova viloyat hokimining tabrigini yetkazdi. Olimpiada tashkiliy qo‘mitasi raisi, BuxDU rektori Obidjon Xamidovning xorijdan yo‘llagan video murojaati namoyish etildi.
Ochilish marosimida Turkmaniston Xalqaro gumanitar fanlar va taraqqiyot universiteti vakili Pirmyrat Gurbanov, Lomonosov nomidagi Moskva davlat universiteti va Plexanov nomidagi Rossiya iqtisodiyot universiteti professori Irina Astashova hamda Tojikiston milliy universiteti dotsenti Shuxrat Rajabovlar nutq so‘zlab, Buxoro davlat universitetining xalqaro ilmiy maydondagi nufuzini alohida e’tirof etdilar. Tadbir viloyat madaniyat boshqarmasi tomonidan namoyish etilgan turli millat raqslari, jumladan “Xalqlar do‘stligi raqsi” bilan yanada fayzli tus oldi.
Olimpiada dasturiga muvofiq, individual va jamoaviy bosqichlar tashkil etildi. Individual tur bahslari oldidan barcha ishtirokchilar metodik yo‘riqnomalar bilan tanishtirilib, xalqaro standartlarga mos jihozlangan auditoriyalarga taqsimlandi. Jarayonlarda akademik adolat va shaffoflikni ta’minlash maqsadida mahalliy mas’ullar bilan bir qatorda nufuzli xalqaro ekspertlar ham faol ishtirok etmoqda.
Jamoaviy bosqichlarda talabalar to‘rt kishilik jamoalarda murakkab matematik va kimyoviy masalalar ustida ishlamoqda. Ushbu bahslar ishtirokchilarning nafaqat nazariy bilimini, balki jamoada ishlash, strategik fikrlash, vaqtni to‘g‘ri taqsimlash va mas’uliyatni his etish ko‘nikmalarini ham sinovdan o‘tkazmoqda. Barcha auditoriyalar zamonaviy videokuzatuv tizimlari bilan jihozlanib, jarayonlar bevosita va masofaviy tarzda monitoring qilinmoqda.
Mazkur xalqaro fan olimpiadalari Buxoro davlat universitetining global ilmiy hamkorlik maydonidagi mavqeini yanada mustahkamlash, yoshlarning intellektual salohiyatini namoyon etish hamda xalqlar o‘rtasidagi do‘stlik va akademik hamkorlikni rivojlantirishga xizmat qilmoqda.








