Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi huzuridagi Jamoatchilik kengashining yigʻilishi boʻlib oʻtdi
2026-01-26 18:05:00 / Vazirlik yangiliklari
26-yanvar kuni Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi huzuridagi Jamoatchilik kengashining yigʻilishi oʻtkazildi. Yigʻilishda Jamoatchilik kengashi aʼzolari, vazirlikning tegishli tarkibiy boʻlinmalari vakillari ishtirok etdilar.

Kun tartibiga muvofiq, Jamoatchilik kengashi faoliyatini samarali tashkil etish, vazirlik faoliyatida ochiqlik va shaffoflikni taʼminlash, shuningdek, jamoatchilik bilan muloqotni yanada kuchaytirish masalalari koʻrib chiqildi. Muhokamalar davomida oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar yuzasidan jamoatchilik fikrini tizimli ravishda oʻrganish, fuqarolik jamiyati institutlarini qarorlar qabul qilish jarayonlariga keng jalb etish muhimligi qayd etildi.
Yigʻilishda Jamoatchilik kengashi faoliyati doirasida jamoatchilik eshituvlarini muntazam ravishda tashkil etish toʻgʻrisida kelishuvga erishildi. Mazkur eshituvlar orqali sohadagi dolzarb masalalarni ochiq muhokama qilish, jamoatchilik taklif va tavsiyalarini tinglash hamda ularni amaliy faoliyatga joriy etish koʻzda tutilmoqda.
Shuningdek, Jamoatchilik kengashining 2026-yilga moʻljallangan ish rejasi, aʼzolarning funksional vazifalari hamda vazirlik va jamoatchilik oʻrtasidagi hamkorlik mexanizmlarini takomillashtirishga qaratilgan takliflar muhokama qilindi.








