“ToshTech” texnika universiteti (Tashkent University of Technology) yangi avlod muhandislik ekotizimi sifatida ish boshladi
2026-01-26 16:00:00 / Vazirlik yangiliklari

Ochilish marosimida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vaziri Qoʻngʻirotboy Sharipov hamda Oʻzbekiston Respublikasi Energetika vaziri Joʻrabek Mirzamahmudov, shuningdek, xalqaro hamkorlar — Constructor University Bremen (Germaniya) va Boston Consulting Group (AQSH) vakillari, sanoat va energetika tarmoqlarining yetakchi kompaniyalari rahbarlari ishtirok etdi.
“ToshTech” Oʻzbekiston oliy taʼlim tizimidagi yirik milliy loyiha boʻlib, universitet STEM yoʻnalishlari, texnologik tadbirkorlik va bilim hamda texnologiyalar transferi uchun institutsional platforma sifatida faoliyat yuritadi.
“ToshTech”da taʼlim:
Univeritetda darslar bakalavriat va magistratura bosqichlarida muhandislik va texnologik yoʻnalishlar boʻyicha oʻzbek, rus va ingliz tillarida olib borilishi rejalashtirilgan.
Dastlabki toʻrt yilda eng talabgir yoʻnalishlar boʻyicha beshta maktab (fakultet)ni ishga tushirish rejalashtirilgan:
- Electrical Engineering (Elektr muhandisligi);
- Industrial Mechanical & Automotive Engineering (Sanoat mashinasozligi va avtomobilsozlik muhandisligi);
- Materials Sciyence & Engineering (Materialshunoslik va muhandislik fanlari);
- Advanced Engineering & Emerging Technologiyes (Ilgʻor muhandislik va yangi texnologiyalar);
- Engineering & Management (Muhandislik boshqaruvi).
Birinchi yilda umumiy muhandislik bakalavriati ishga tushiriladi, maktab (fakultet) tanlovi esa 2-3-kursdan boshlanadi.
Oʻquv jarayonida amaliy mashgʻulotlar ulushi yuqori boʻlib, talabalar dastlabki bosqichlardan boshlab real sanoat loyihalari, muhandislik muammolari va ishlab chiqarish bilan uygʻun holda ishlaydi. Taʼlim modeli loyihaga asoslangan taʼlim (project-based learning), keyzlarga asoslangan taʼlim (case-based learning) va sanoat bilan hamkorlikdagi dual yondashuv elementlarini oʻz ichiga oladi.
Xalqaro hamkorlik
Universitetning tayyorlov dasturi (Foundation) taʼlim dasturlari Constructor University Bremen (Germaniya) akademik ishtirokida ishlab chiqilgan boʻlib, muhandislik taʼlimining xalqaro standartlariga toʻliq mos keladi. Ushbu hamkorlik oʻquv dasturlarining sifati, baholash va akademik nazorat mexanizmlari, professor-oʻqituvchilarni tayyorlash va akademik almashinuvni taʼminlaydi.
Shuningdek, universitet Singapur, Buyuk Britaniya, AQSH kabi davlatlarning etakchi oliygohlari bilan hamkorlikda bakalavriat va magistraturataʼlim dasturlarini yoʻlga qoʻyishni maqsad qilgan.
“ToshTech” universitetining rivojlanish konsepsiyasi, institutsional modeli va taʼlim dasturlarining strategik arxitekturasi Boston Consulting Group (BCG) xalqaro konsalting tashkiloti ekspertlari koʻmagida ishlab chiqilgan. BCG Universitetni boshqaruv modeli, sanoat bilan integratsiya, kompetensiya markazlari va raqamli taʼlim infratuzilmasini shakllantirishda qoʻllab-quvvatlamoqda.
Sanoat bilan tizimli integratsiya
Ochilish marosimi doirasida “ToshTech” va qator yirik tarmoq tashkilotlari oʻrtasida hamkorlik toʻgʻrisidagi anglashuv memorandumlari imzolandi. Hamkorlar qatoriga:
- “Oʻzbekiston texnologik metallar kombinati” AJ,
- ACWA Power,
- “Issiqlik elektr stansiyalari” AJ,
- “Yashil Energiya” MCHJ,
- “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ,
- “Oʻzbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJ,
- “Oʻzenergoinjiniiring” AJ kiradi.
Mazkur hamkorliklar doirasida talabalar uchun amaliyot, stajirovka, qoʻshma loyihalar va bitiruvdan soʻng ishga joylashish mexanizmlari yoʻlga qoʻyiladi.
Milliy ehtiyojlarga javob
Texnologik transformatsiya va sanoatni modernizatsiya qilish jarayonlari jadallashayotgan bir sharoitda, Oʻzbekiston iqtisodiyotida yuqori malakali muhandis kadrlarga ehtiyoj keskin ortib bormoqda. Ishchi guruh prognozlariga koʻra, yaqin 10 yil ichida mamlakatning asosiy tarmoqlarida 35 ming nafarga yaqin muhandis mutaxassisga talab yuzaga keladi. Universitet aynan shu boʻshliqni toʻldirish, energetika, sanoat, mashinasozlik va yuqori texnologiyali ishlab chiqarishlar uchun zamonaviy muhandislarni tayyorlashga qaratilgan.
Taʼlim infratuzilmasi va birinchi natijalar
Universitet faoliyatini 2026-yil sentabr oyida toʻliq boshlashi uchun zarur infratuzilma shakllantirilgan. 2025-yil dekabr oyida kampusning birinchi bosqichi qurib bitkazildi.
Universitetning tayyorlov dasturiga (Foundation) dastlabki qabul jarayonida 650 dan ortiq ariza kelib tushdi va 200 nafar tinglovchi saralab olindi.









