O‘zbekiston delegatsiyasi “Bett UK – 2026” xalqaro ta’lim texnologiyalari ko‘rgazmasida ishtirok etmoqda
2026-01-21 20:00:00 / Vazirlik yangiliklari

Xizmat safari doirasida delegatsiya tomonidan bir qator xorijiy davlatlarning ta’lim tashkilotlari hamda yetakchi kompaniyalari rahbarlari bilan uchrashuvlar o‘tkazilib, ta’lim sohasida hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yish va ularni yanada chuqurlashtirish masalalari muhokama qilindi.
20-yanvar kuni “Bett UK – 2026” doirasida tashkil etilgan Vazirlar simpoziumida ishtirok etilib, xorijiy davlatlar ta’lim vazirliklari bilan o‘zaro hamkorlik bo‘yicha fikr almashildi. Shuningdek, “Pearson” kompaniyasi vitse-prezidenti Ebrahim Matthews bilan “Ta’lim va sun’iy intellektga asoslangan iqtisodiyot o‘rtasidagi tafovutni bartaraf etish” mavzusida muhokama-intervyu bo‘lib o‘tdi. Unda ta’lim beruvchilarning sun’iy intellekt bo‘yicha bilim va malakalarini oshirish, zarur infratuzilmani yaratish hamda davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish muhimligi ta’kidlandi.
Shu kuni “Efekta” kompaniyasi vitse-prezidenti Saranjit Sangar bilan o‘tkazilgan uchrashuvda kompaniyaning sun’iy intellektga asoslangan til o‘rgatuvchi platformasini O‘zbekiston kasbiy ta’lim muassasalarida pilot tarzda joriy etish bo‘yicha kelishuvga erishildi.
21-yanvar kuni “Bett UK – 2026” ko‘rgazmasi faoliyati bilan tanishilib, ta’lim xizmatlari va innovatsion mahsulotlar bilan tanishildi. Shuningdek, Buyuk Britaniya Savdo va biznes masalalari departamenti direktori Rupert Daniels bilan uchrashuvda Britaniyaning TOP-100 universitetlari filiallarini O‘zbekistonda tashkil etish masalalari muhokama qilindi.
Bundan tashqari, Kanada (Nyu-Bransvik provinsiyasi) ta’lim vazir o‘rinbosari Ryan Donaghy bilan ikki tomonlama uchrashuv o‘tkazilib, oliy ta’lim muassasalari o‘rtasidagi hamkorlikni kengaytirish va Kanada TOP universitetlari filiallarini O‘zbekistonda ochish istiqbollari muhokama etildi.
“Bett UK” global tadbirlar direktori Duncan Verry bilan muzokaralarda esa Bett Central Asia formatidagi xalqaro tadbirni O‘zbekistonda tashkil etish tashabbusi ilgari surildi.
Shuningdek, Koreya Respublikasi Ta’lim vazirligi vakillari bilan o‘tgan uchrashuvda oliy ta’lim sohasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish bo‘yicha yangi istiqbolli yo‘nalishlar belgilab olindi.
Mazkur xizmat safari O‘zbekiston ta’lim tizimini raqamlashtirish, xalqaro hamkorlikni kengaytirish va ilg‘or ta’lim texnologiyalarini joriy etishga xizmat qilishi bilan ahamiyatli bo‘lmoqda.



