Taniqli stomatolog olimlar Pierre Fauchard akademiyasiga qabul qilindi
2024-05-23 17:00:00 / Vazirlik yangiliklari

Tadbirni Iste’dodli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash “Ulug‘bek” jamg‘armasi raisi, akademik Oqil Salimov ochib berib, akademiyaga qabul qilinayotgan professor-o‘qituvchilarni tabrikladi. Unda shuningdek Pierre Fauchard akademiyasi prezidenti Pankaj Patel, sobiq prezidenti Armil Banez, Osiyo bo‘yicha raisi Mirna Banez qatnashdi.
Pierre Fauchard akademiyasi prezidenti Doktor Pankaj Patel ushbu taniqli professorlar Akademiyaning hurmatli a’zolari safiga qo‘shilganidan xursandligini e’tirof etar ekan, ularning xalqaro aloqalarni yanada boyitish, hamkorlik va bilim almashish imkoniyatlarini kengaytirishiga ishonchini bildirdi.
O‘zbekistonlik professor-o‘qituvchilarning akademiyaga qabul qilinishi akademiyaning xalqaro aloqalarini mustahkamlash va stomatologiya hamjamiyatidagi ajoyib iste’dodlarni kashf qilishga sodiqligini yana bir bor ko‘rsatadi. Stomatologiyaning turli sohalarini qamrab olgan ushbu taniqli shaxslar Akademiyaga boy bilim, innovatsiyalar va madaniy xilma-xillikni olib keladi, akademiyaning turli davlatlardagi a’zolari bilan ilmiy va ta’lim sohasida aloqalar o‘rnatishi va sohaning yanada rivojlanishiga o‘z hissalarini qo‘shadi.
Doktor Pierre Fauchard (Per Foshar) nomi bilan ataladigan akademiya shtab kvartirasi AQSHda joylashgan bo‘lib, butun dunyo bo‘ylab stomatologiya sohasidagi yutuqlarni tan olish va targ‘ib qilish bilan shug‘ullanadi. Akademiyaga 1936-yilda minnesotalik stomatolog doktor Elmer S. Best tomonidan asos solingan. Mazkur akademiyaga dunyoning turli mamlakatlaridan stomatolog mutaxassislar, olimlar a’zo bo‘lib, ular asosan stomatologiya sohasiga qo‘shayotgan hissasini inobatga olgan holda a’zolikka qabul qilinadilar. Hozirgi kunda Akademiyaning 142 ta davlatda faoliyat yuritayotgan 11 mingdan ortiq a’zolari mavjud. Akademiya stomatologiya sohasini rivojlantirish bo‘yicha, oliy ta’lim muassasasi talabalari uchun turli grantlar ham e’lon qilib boradi.
Tadbir davomida mazkur akademiyaning O‘zbekiston bo‘limi raisi Baxtinur Xudanov “Stomatologiya ilm-faniga qo‘shayotgan hissasi uchun” (For outstanding contribution to the art and science of Dentistry) mukofoti bilan taqdirlandi.




