“Springer Nature Awards-2024” forumi doirasida eng faol muassasalar va mualliflar taqdirlandi
2024-05-21 17:05:00 / Vazirlik yangiliklari

Tadbirni Oʻzbekiston Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirining birinchi oʻrinbosari Shohrux Daliyev ochib berib, Vazirlik tomonidan olimlar va tadqiqotchilar uchun yaratilgan imkoniyatlar va ilmiy faoliyat koʻrsatkichlariga alohida eʼtibor qaratdi. Shuningdek tadbirda, Innovatsion rivojlanish agentligi huzuridagi Ilmiy-texnik axborot markazi direktori Azizbek Baxodirov Markazning xalqaro ilmiy nashriyotlar bilan hamkorligi, erishilgan kelishuvlar natijasida respublika olimlari uchun yaratilayotgan imkoniyatlar, ilmmetriya yoʻnalishida amalga oshirilgan ishlar tahlili boʻyicha soʻz yuritdi.
“Springer Nature” hududiy vitse-prezidenti Asdaa Katani kompaniyaning faoliyati, rivojlanish tarixi, istiqbollari va hozirgi kunda kompaniya tomonidan olim va tadqiqotchilarga berilayotgan imkoniyatlar haqida taqdimot qildi. Shuningdek, “Springer Nature” kompaniyasining Markaziy Osiyodagi vakili Irina Aleksandrova 2019-2023-yillar davomida Oʻzbekiston olimlarining noshirlik faoliyati hamda chop etilgan maqolalar soni va foydalanish koʻrsatkichlari boʻyicha tahliliy maʼlumotlarni taqdim etdi.
Tadbir doirasida “Springer Nature” vakillari Oʻzbekiston olimlari va tadqiqotchilari tomonidan chop etilgan maqolalar, kitoblar va monografiyalar boʻyicha tahlillar haqida maʼlumot berishdi. Shuningdek, tadbirda 2019-2023-yillarda eng koʻp maqola chop etgan 10 ta ilmiy muassasa va 5 ta muallifni taqdirlash marosimi boʻlib oʻtdi. Gʻoliblar “Springer Nature” tomonidan sertifikat va esdalik sovgʻalar bilan taqdirlandi. Jumladan:
1.Yusufjon Gafforov, Yangi O'zbekiston universiteti, Hayot haqidagi fanlar bo‘yicha "Springer Nature" jurnallarida 2019 yildan 2023 yilgacha 13 ta maqola chop etgan hamda "O‘zbekiston etnobiologiyasi – 2023" kitobi muharriri;
2. Anorbayev Abdulxamidjon, O'zbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasi Milliy arxeologiya markazi, Yer haqidagi fanlar bo‘yicha 2019 yildan 2023 yilgacha "Springer Nature" jurnallarida 10 ta maqola chop etgan;
3. Rustam Yuldashev, Toshkent pediatriya tibbiyot instituti bolalar xirurgiyasi kafedrasi, "Springer Nature" jurnallarida 2019 yildan 2023 yilgacha 4 ta maqola chop etgan;
4. Nikolay Ignatyev, Mirzo Ulug`bek nomidagi O`zbekiston Milliy universiteti, Springer Nature jurnallarida 2019 yildan 2023 yilgacha 3 ta maqola maqola chop etgan;
5. Dilfuza Egamberdieva, Toshkent irrigatsiya va qishloq xoʻjaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti, "Springer Nature" nashriyotida chop etilgan 7 ta kitobning muallifi hamda ushbu kitoblar tahriri bilan shug‘ullangan. Shuningdek, hayot va atrof-muhit fanlari sohasida 20 dan ortiq maqolalar chop etgan.









