GIZ bilan yashil ko‘nikmalar bo‘yicha shartnoma imzolandi
2026-01-16 18:00:00 / Vazirlik yangiliklari

Uchrashuvda O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Qo‘ng‘irotboy Sharipov, O‘zbekiston Respublikasi Kasbiy ta’lim agentligi direktori Azimjon Xusanov, Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyati (GIZ)ning O‘zbekistondagi direktori Joachim Fritz hamda “Green Skills for a Green Economy in Central Asia” loyihasi maslahatchisi Jahongir Juraev ishtirok etdi.
Uchrashuvda loyiha doirasida amalga oshirilayotgan ishlar, uning ustuvor yo‘nalishlari va kelgusidagi amaliy qadamlar muhokama qilindi. Tomonlar GIZning O‘zbekistonda institutsional islohotlarni qo‘llab-quvvatlashdagi muhim rolini ta’kidlab, kasbiy ta’lim tizimini modernizatsiya qilish, dual ta’limni rivojlantirish hamda “yashil ko‘nikmalar”ni shakllantirish masalalariga alohida e’tibor qaratdilar.
Shuningdek, uchrashuvda yangi tashkil etilgan Kasbiy ta’lim agentligi faoliyati bilan loyihani uzviy uyg‘unlashtirish, ta’lim dasturlarini mehnat bozori ehtiyojlariga moslashtirish va yashil iqtisodiyot sohalarida bandlikni oshirish bo‘yicha hamkorlikni yanada kuchaytirish yuzasidan fikr almashildi.
Tomonlar loyiha doirasida aniq va bosqichma-bosqich amalga oshiriladigan harakatlar rejasini ishlab chiqish, shuningdek, ajratilayotgan grant mablag‘laridan samarali foydalanishni ta’minlash bo‘yicha kelishuvga erishdilar.
Uchrashuv doirasida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi hamda Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyati (GIZ) oʻrtasida “Green Skills for a Green Economy in Central Asia” mintaqaviy loyihasini amalga oshirish boʻyicha shartnoma imzolandi. Mazkur hujjat 2025–2028-yillar davomida kasbiy taʼlim tizimini rivojlantirish, dual taʼlimni kengaytirish hamda “yashil iqtisodiyot” sohalari uchun zamonaviy koʻnikmalarga ega mutaxassislar tayyorlashga qaratilgan.






