Vebster universiteti prezidenti “Oliy taʼlim aʼlochisi” koʻkrak nishoni bilan taqdirlandi
2024-05-20 08:00:00 / Vazirlik yangiliklari
Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vaziri Qoʻngʻirotboy Sharipov Amerika Qoʻshma Shtatlarining Vebster universiteti prezidenti Julian Shuster bilan uchrashdi.
Uchrashuvda Toshkent shahridagi Vebster universiteti faoliyatni yanada takomillashtirish, taʼlim va ilmiy faoliyatning turli yoʻnalishlari boʻyicha aloqalarni yanada mustahkamlash, professor-oʻqituvchilar va talabalar almashinuvini yanada kengaytirish, qoʻshma ilmiy-amaliy forumlar tashkil etish, qoʻshma ilmiy tadqiqotlarni tizimli yoʻlga qoʻyish masalalarini muhokama qildilar.
Tomonlar texnika va muhandislik sohasidagi fanlarni rivojlantirishga va ushbu sohalarda kadrlar tayyorlash bilan bogʻliq boʻlgan hamkorlikka yanada koʻproq eʼtibor qaratish lozimligini qayd etdilar. Xususan, energetika va muqobil energiya manbalari, axborot texnologiyalari, mashinasozlik, arxitektura va qurilish, kimyo sanoati texnologiyalari, qishloq xoʻjaligi, tibbiyot va farmatsevtika kabi tarmoqlarga kadrlar tayyorlashda yangi bosqichga oʻtish masalasi muhokama qilindi. Matematika, fizika, kimyo, biologiya va geologiya fanlarini oʻqitishning eng soʻnggi metodikalarini joriy etilishi orqali talabalarga yangi bilimlarni samarali yetkazish muhim ekaniga alohida urgʻu berildi.
Taʼkidlash joizki, Toshkent shahridagi Vebster universiteti faoliyatining ilk davrida dastlab 300 nafar talaba qabul qilgan boʻlsa, bugungi kunda 4300 nafar talaba tahsil olmoqda. Uchrashuvda talabalar sonini bosqichma-bosqich oshirib borish, talabalar kontingenti orasida MDH va Markaziy Osiyo davlatlari fuqarolari sonini oshirish lozimligi ham taʼkidlandi.
Uchrashuv soʻngida vazir Q. Sharipov Vebster universiteti prezidenti Julian Shusterni “Oliy taʼlim aʼlochisi” koʻkrak nishoni bilan taqdirladi.