Milliy armiya – Ona yurt qalqoni, tinchligimiz posboni!
2026-01-13 12:00:00 / Vazirlik yangiliklari

Mazkur tadbir Yangi Oʻzbekistonda milliy armiya nufuzini yanada oshirish, harbiy xizmatning jamiyat hayotidagi oʻrni va ahamiyatini keng yoritish, shuningdek, yoshlar orasida vatanparvarlik, fidoyilik hamda fuqarolik masʼuliyatini mustahkamlashga qaratildi.
Bayram tadbiri doirasida poytaxtimizning Olmazor tumanidagi Talabalar shaharchasida harbiy parad oʻtkazildi. Tadbirda Oʻzbekiston Respublikasi Harbiy xavfsizlik va mudofaa universiteti hamda Jamoat xavfsizligi universiteti kursantlari, “Qalqon” jamoatchilik guruhi aʼzolari, oliy taʼlim muassasalarining harbiy kafedralari professor-oʻqituvchilari va talabalari, shuningdek, harbiy orkestr, ansambl va xor jamoalari faol ishtirok etdilar.
Bayram dasturidan harbiy texnika va maxsus vositalar koʻrgazmasi, faxriy qorovulning tantanali yurishi, qoʻl jangi boʻyicha koʻrgazmali chiqishlar, jangovar mashgʻulotlar elementlari, otliq boʻlinmalar paradi, shuningdek, harbiy orkestr, ansambl va xor jamoalarining vatanparvarlik ruhidagi musiqiy chiqishlari oʻrin oldi.
Qayd etilishicha, mazkur tadbir Vatan himoyachilarining jasorati va fidoyiligini ulugʻlash, harbiy xizmatchilarga boʻlgan hurmat-eʼtibor va minnatdorlik tuygʻularini ifodalash, ayniqsa, yosh avlod ongida Vatanga muhabbat, milliy gʻurur va harbiy burchga sadoqatni yanada kuchaytirishga xizmat qildi.
Shuningdek, bayram tadbiri davomida oliy taʼlim muassasalari talabalari va yoshlar oʻrtasida harbiy xizmatning ijtimoiy ahamiyati, yurt tinchligi va osoyishtaligining qadr-qimmati, milliy armiyaning zamonaviy qiyofasi keng targʻib etildi.









