Rasmiy munosabat
2026-01-07 10:00:00 / Vazirlik yangiliklari

Statistik maʼlumotlarga koʻra, Oʻzbekistonda xalqaro ilmiy maʼlumotlar bazalarida chop etilayotgan ilmiy maqolalar soni 2017-yildan boshlab barqaror va jadal oʻsish surʼatlarini namoyon etmoqda. Bu, avvalo, oliy taʼlim va ilm-fan sohasida amalga oshirilgan tizimli islohotlar, tadqiqotchilarning xalqaro ilmiy maydonga chiqish imkoniyatlarini kengaytirish hamda ilmiy faoliyatni ragʻbatlantirish mexanizmlarining joriy etilgani bilan izohlanadi.
Xususan, soʻnggi yillarda tadqiqotchilar uchun Web of Science, Springer Nature, Elsevier (ScienceDirect) hamda Clarivate kompaniyasining ilmiy-tahliliy platformalaridan milliy obuna asosida erkin foydalanish imkoniyatlari yaratildi. Mazkur choralar mahalliy olimlarning nufuzli xalqaro jurnallardagi nashr faolligini sezilarli darajada oshirishga xizmat qildi.
Shu nuqtayi nazardan, 2017-yildan keyin ilmiy mahsulot hajmining keskin ortishi fonida ayrim maqolalarning qaytarib olinishi ilmiy tizimning jadal kengayishi va yangi xalqaro standartlarga moslashuvi jarayonida kuzatiladigan vaqtinchalik nomutanosibliklar bilan izohlanishi mumkin. Bunday holatlar xalqaro amaliyotda ham mavjud boʻlib, ular sifat nazorati va tahririy tekshiruv mexanizmlari ishlayotganini anglatadi.
Retraksiya sabablari tahlili shuni koʻrsatadiki, soʻnggi yillarda qaytarib olingan maqolalar tarkibida ilmiy halollik (integrity) bilan bogʻliq holatlar ulushi ortib bormoqda. Bu esa plagiatga qarshi kurash, maʼlumotlarni tekshirish va tahririy talablarning kuchaytirilgani, shuningdek, ilmiy faoliyatda shaffoflik darajasi oshgani bilan bogʻliq.
Ayrim oliy taʼlim muassasalari nomi kesimida keltirilayotgan maʼlumotlar esa butun milliy ilm-fan tizimiga nisbatan umumiy xulosa chiqarish uchun yetarli asos boʻla olmaydi. Chunki bunday tahlillarda muassasalarning ilmiy faoliyat hajmi, tadqiqotchilar soni, xalqaro hammualliflik amaliyoti, jurnallar tahririyatlarining mustaqil qarorlari hamda retraksiya qarorlarini qabul qilish tartibi kabi muhim omillar inobatga olinmagan.
Ayni paytda Oʻzbekistonda ilmiy tadqiqotlar sifatini oshirish va ilmiy halollik tamoyillarini mustahkamlash boʻyicha qator tizimli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, ilmiy rahbarlik institutiga qoʻyiladigan talablar, yosh izlanuvchilarga oʻqitiladigan ilmiy tadqiqot metodologiyasi kurslari zamonaviy yondoshuvlar asosida qayta koʻrib chiqilmoqda, shuningdek, antiplagiat tizimlari va tahririy nazorat mexanizmlari kuchaytirilmoqda, ilmiy faoliyatni baholashda miqdor bilan bir qatorda sifat koʻrsatkichlariga ustuvor ahamiyat qaratilmoqda.
“Elsevier” kompaniyasining SciVal ilmiy faoliyatni tahlil qilish va baholash platformasi ning tahliliy maʼlumotlariga koʻra, oʻzbekistonlik olimlar tomonidan 2024-yilda xalqaro jurnallarda chop etilgan maqolalarining 33.6 foizi (Journal quartiles) Q1-Q2 darajadagi nufuzli jurnallarda chop etilgan boʻlsa, 2025-yilda bu koʻrsatkich 50.3 foizga yetgan.
Demak, ayrim tanqidiy chiqishlarda keltirilayotgan maʼlumotlar mavjud muammolarga ishora qilsa-da, ularni butun milliy ilm-fan tizimini salbiy jihatdan umumlashtirib baholash uchun asos sifatida talqin qilish toʻgʻri emas. Bugun Oʻzbekiston ilm-fanida asosiy eʼtibor ilmiy faoliyat hajmining oʻsishini sifat koʻrsatkichlari bilan muvozanatlashtirish, xalqaro standartlarga mos tadqiqot muhitini shakllantirish va ilmiy halollikni taʼminlashga qaratilgan.



