QAMROV KENGAYIB, MAS’ULIYAT ORTMOQDA Yoxud oliy ta’limdagi islohotlar samarasi xususida fikrlar
2026-01-08 12:40:00 / Vazirlik yangiliklari

So‘nggi sakkiz yil ichida oliygohlar soni deyarli uch barobarga oshib, 2025-yilga kelib 207 taga yetdi, talabalar soni esa 1,7 million nafarni tashkil qildi. Bu raqamlar ortida faqat statistik o‘sish emas, balki jamiyatda bilimga bo‘lgan ehtiyojning o‘sib borayotgani, oliy ta’limning ijtimoiy mobillik va shaxsiy kamolot omili sifatida anglanayotgani mujassam.
Tizimning kengayishi infratuzilmaviy asoslar bilan mustahkamlandi. Yangi oliy ta’lim muassasalari, o‘quv binolari, talabalar turarjoylari va zamonaviy laboratoriyalar barpo etildi. Eng muhimi, ta’lim mazmuni o‘zgardi. Miqdoriy o‘sish sifatni oshirish orqali ta’minlandi. Barcha oliy ta’lim muassasalarida kredit-modul tizimi joriy etilishi, o‘quv dasturlarining xalqaro universitetlar tajribasi asosida qayta ko‘rib chiqilishi oliy ta’limni zamonaviy bilim iqtisodiyoti talablariga moslashtirdi. Ta’lim sifatini baholash, shaffoflik va akademik mas’uliyat tamoyillari tizimning ichki me’yoriga aylana boshladi.
Shu ma’noda, yakunlanayotgan yil O‘zbekiston oliy ta’limi tarixida shunchaki navbatdagi islohot yili emas, balki maqsad va mazmunni aniq belgilab olish davri sifatida ahamiyat kasb etmoqda. Bu yilda oliy ta’lim inson kapitalini shakllantirishning asosiy instituti sifatida o‘z o‘rnini mustahkamladi va kelgusi taraqqiyot uchun mustahkam intellektual poydevor yaratdi.
Nufuzli reytinglarda o‘z o‘rnimiz bor
Yaqin-yaqingacha dunyo oliy ta’lim xaritasida mamlakatimiz universitetlari deyarli ko‘zga tashlanmas, global baholash tizimlarida ularning nomi kamdan kam tilga olinar edi. Bu holat tizimning uzoq yillar ichki ehtiyojlar doirasida qolib ketganidan dalolat berardi. Endi esa manzara o‘zgardi. O‘zbekiston oliy ta’limi xalqaro raqobat maydoniga ishonch bilan qadam qo‘yib, nufuzli QS World University Rankings va Times Higher Education reytinglarida o‘z o‘rniga ega bo‘la boshladi. Bu tasodifiy emas, yillar davomida amalga oshirilgan izchil islohotlar, ochiqlikka yo‘nalgan siyosat va ta’lim sifatiga qaratilgan strategik qarorlarning mantiqiy natijasidir.
— Xalqaro reytinglarda paydo bo‘lish faqat nufuz yoki statistika masalasi emas, — deydi oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirining birinchi o‘rinbosari Sardor Rajabov. — Bu, avvalo, milliy oliy ta’lim tizimi xalqaro talablar sari yuz burgani, ilm-fan va boshqaruv sifati tashqi baholashga tayyor ekanini bildiruvchi bosqichdir. Aynan shu burilish fonida mamlakatimiz oliy ta’lim tizimi qamrovni kengaytirishdan kompetensiyani shakllantirishga, miqdoriy o‘sishdan mazmunli sifatga, ichki islohotlardan xalqaro raqobatbardoshlikka o‘tish jarayonini boshdan kechirmoqda. Bu jarayon ta’lim mazmuni, bitiruvchilarning mehnat bozoridagi o‘rni, xalqaro ochiqlik, infratuzilma, muhandislik va innovatsiya sohalaridagi chuqur o‘zgarishlarda yaqqol namoyon bo‘lmoqda.
Bitiruvchi — mehnat bozori uchun muhim subyekt
Zamonaviy ta’lim tizimi samarasi faqat bitirilgan soatlar yoki berilgan diplomlar bilan emas, balki yosh mutaxassisning mehnat bozorida o‘z o‘rnini topa olishi bilan o‘lchanadi. Shu ma’noda, 2025-yil O‘zbekiston oliy ta’limida “ta’lim – ish – kasbiy barqarorlik” zanjirini shakllantirishda muhim bosqich bo‘ldi.
Avvalo, oliy ta’lim muassasalari va ish beruvchilar o‘rtasidagi hamkorlik tizimli tus oldi. Oliygohlar huzurida ish beruvchilar ishtirokida ta’lim dasturlarini qayta ko‘rib chiqish, amaliyot mazmunini aniq ish o‘rinlariga yo‘naltirish va bitiruvchi kompetensiyalarini real iqtisodiy talablarga moslashtirish jarayonlari faollashtirildi. Bu hamkorlik formal kelishuvlar bilan cheklanib qolmasdan, ta’lim jarayonining tarkibiy qismiga aylana boshladi.
2025-yilda bitiruvchilarni ishga joylashtirishga qaratilgan institutsional mexanizmlar ham kengaytirildi. Xususan, “Kelajakka qadam” dasturi doirasida oliy ta’lim muassasalari, banklar va xususiy sektor o‘rtasida o‘ziga xos ekotizim shakllantirildi. Natijada minglab bitiruvchi talabalar o‘z biznes loyihalarini taqdim etish, moliyaviy qo‘llab-quvvatlash va tadbirkorlikka qadam qo‘yish imkoniyatiga ega bo‘ldi. Bu jarayon ish bilan ta’minlash tushunchasini faqat tayyor ish o‘rni bilan cheklamay, yoshlarni ish yaratuvchi subyekt sifatida ko‘rishga xizmat qildi.
Dual ta’lim tizimi esa ta’lim bilan ish o‘rtasidagi uzilishni bartaraf etishda hal qiluvchi omilga aylandi. 2025-yilda dual ta’limni tashkil etish tartibi tasdiqlanishi oliy ta’lim muassasalariga ish beruvchilar bilan hamkorlikda kadr tayyorlashni huquqiy va tashkiliy jihatdan mustahkamlash imkonini berdi. Bu modelь doirasida talabalar o‘qish jarayonidayoq ishlab chiqarish muhitiga kirib borib, nazariy bilimlarini amaliy ko‘nikmalar bilan uyg‘unlashtirish imkoniyatiga ega bo‘ldi. Natijada bitiruvchi uchun “birinchi ish joyi” muammosi asta-sekin o‘z dolzarbligini yo‘qota boshladi.
Umuman olganda, bugun bitiruvchilarni ishga joylashtirishga ta’lim sifatini baholashning asosiy indikatorlaridan biri sifatida qaralmoqda.
Xalqaro ochiqlik — global raqobat maydonida yangi bosqich
Ta’lim endilikda faqat ichki ehtiyojlarni qondirish vositasi emas, balki mamlakatning tashqi intellektual imiji, iqtisodiy raqobatbardoshligi va “yumshoq kuch” salohiyatini shakllantiruvchi strategik resurs sifatida namoyon bo‘lmoqda. Bu jarayon, avvalo, xalqaro ta’lim dasturlarini joriy etish va ta’lim xizmatlari eksportini rivojlantirish orqali amaliy mazmun kasb etdi.
Kasbiy ta’lim sohasida xalqaro standartlarni joriy etishga qaratilgan ishlar aniq natijalar berdi. Jumladan, 2025-yilda 47 ta texnikumda 27 ta kasb yo‘nalishi bo‘yicha xalqaro ta’lim dasturlari asosida 4 149 nafar o‘quvchi qabul qilinishi kasbiy ta’limni global mehnat bozori talablariga moslashtirishda muhim qadam bo‘ldi. Bu ko‘rsatkich kasbiy ta’lim tizimida ilgari mavjud bo‘lgan mahalliy yo‘naltirilgan modeldan xalqaro kompetensiyalarga asoslangan tayyorgarlikka o‘tish boshlanganini anglatadi. Ta’lim mazmuni standartlashuvi, baholash tizimining xalqaro mezonlarga yaqinlashuvi va ish beruvchilar bilan hamkorlikda shakllangan o‘quv rejalari mazkur yo‘nalishning barqaror rivojlanishiga xizmat qilmoqda.
2025-yilga kelib O‘zbekiston oliy ta’lim muassasalarida tahsil olayotgan xorijlik talabalar soni 19 ming 862 nafarga yetdi. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yillarga nisbatan 125 foizlik o‘sishni tashkil etib, mamlakatimizning mintaqadagi ta’lim markazlaridan biriga aylanib borayotganini tasdiqlaydi. Xalqaro talabalar kontingenti kengayishi ta’lim xizmatlari eksporti hajmida ham o‘z ifodasini topdi. 2025-yilda ta’lim eksporti 35,2 million dollarni tashkil etib, bu borada 148 foiz o‘sishga erishildi. Bu raqamlar ta’limni iqtisodiyotning mustaqil va daromad keltiruvchi tarmog‘i sifatida shakllantirish imkoniyati mavjudligini yaqqol ko‘rsatadi.
— Tahliliy nuqtayi nazardan qaralganda, xalqaro ta’lim dasturlari va xorijiy talabalarni jalb etish siyosati faqat iqtisodiy manfaat bilan cheklanmaydi, — deydi Sardor Rajabov. — Bu jarayon milliy ta’lim tizimini tashqi baholash mexanizmlari bilan bog‘laydi, akademik muhitda raqobat va ochiqlikni kuchaytiradi, professor-o‘qituvchilar hamda talabalar uchun yangi intellektual gorizontlar ochadi. Eng muhimi, ta’lim orqali shakllanayotgan xalqaro aloqalar uzoq muddatli diplomatik hamda madaniy hamkorlik uchun mustahkam poydevor yaratadi.
Joriy yilda xalqaro ta’lim yo‘nalishida amalga oshirilgan ishlar O‘zbekiston oliy va kasbiy ta’limida miqdoriy ko‘rsatkichlardan tashqari, mazmun, nufuz va strategik ahamiyat nuqtayi nazaridan ham sifat jihatdan yangi bosqich boshlanganini ko‘rsatmoqda. Xususan, 47 ta texnikumda Germaniya, Angliya, Shveysariya hamda Janubiy Koreyaning nufuzli ta’lim tashkilotlari bilan hamkorlikda 27 ta kasb bo‘yicha xalqaro ta’lim dasturlari asosida o‘qitish yo‘lga qo‘yildi. Bu, avvalo, kasbiy ta’lim mazmunini zamonaviy texnologiyalar, ishlab chiqarish madaniyati va xalqaro malaka talablari bilan boyitish imkonini berdi. Ushbu hamkorlik faqat o‘quv rejalarini ko‘chirish yoki alohida fanlarni joriy etish bilan cheklanmadi. Xalqaro ta’lim dasturlari doirasida ta’lim natijalarini baholash, amaliy mashg‘ulotlar ulushini oshirish, ish beruvchilar ishtirokida kompetensiyalarni shakllantirish kabi tamoyillar tizimli joriy etildi. Natijada texnikum bitiruvchisi muayyan kasbni egallash bilan birga, uni xalqaro standartlar darajasida amalga oshirish salohiyatiga ega mutaxassis sifatida tayyorlanmoqda. Ayniqsa, Germaniya va Shveysariya tajribasiga asoslangan dual ta’lim kasbiy ta’limni ishlab chiqarish bilan uzviy bog‘lashga xizmat qilmoqda. Angliya va Janubiy Koreya bilan hamkorlikdagi dasturlar esa ta’limda innovatsion texnologiyalar, raqamli yechimlar va zamonaviy boshqaruv yondashuvlarini joriy etishga turtki bermoqda. Bu xilma-xillik milliy kasbiy ta’lim tizimini bir tomonlama emas, balki ko‘p vektorli rivojlanish yo‘liga olib chiqmoqda.
Infratuzilma orqali sifat
Yana bir jihat, talabaning ta’limdan tashqari hayoti, uning ijtimoiy muhiti va yashash sharoitiga ham ta’lim sifatiga bevosita ta’sir etuvchi omil sifatida davlat siyosati darajasida e’tibor qaratilmoqda. Shu ma’noda, talabalar turar joylari bilan bog‘liq islohotlar oliy ta’limni insonga yo‘naltirilgan tizimga aylantirishda muhim qadam bo‘ldi. Xususan, 2025-yilda davlat–xususiy sherikchilik mexanizmlari asosida 20 ta talabalar turarjoyi qurilib, 10 ming 884 o‘rin foydalanishga topshirildi. Bu ko‘rsatkich yillik rejaga nisbatan 136 foiz bajarilganini anglatib, mazkur yo‘nalishda xususiy sektor ishtiroki sezilarli darajada faollashganini ko‘rsatadi. E’tiborli jihati shundaki, ushbu loyihalarni amalga oshirishga 300 milliard so‘mdan ortiq tadbirkorlik subyektlari mablag‘lari jalb etildi.
Tahliliy nuqtayi nazardan qaralganda, talabalar turar joylarini davlat–xususiy sherikchilik asosida qurish modeli bir vaqtning o‘zida bir nechta muammolar yechimini ta’minlamoqda.
Birinchidan, davlat byudjeti yuki kamayib, xususiy investitsiyalar hisobidan ta’lim infratuzilmasi kengaymoqda.
Ikkinchidan, raqobat muhiti tufayli talabalar turarjoylari arxitekturasi, xizmat sifati va yashash sharoiti yangi bosqichga chiqmoqda.
Uchinchidan, talabalarni turarjoy bilan ta’minlash darajasi oshishi oliy ta’limda hududiy jozibadorlikni kuchaytirmoqda.
Qisqa qilib aytganda, talabalar turar joylari endilikda faqat yotoqxona emas, balki ta’lim muhitining uzviy qismi, talabaning shaxsiy rivojlanishi, mustaqil fikrlashi va ijtimoiylashuvi uchun muhim makonga aylanmoqda. Shu orqali oliy ta’lim tizimi “auditoriya – yotoqxona – jamiyat” uchligida yaxlit ekotizim sifatida shakllanib bormoqda.
Muhandislik maktablari: bilimdan yechimga olib boradigan yangi modelь
Amalga oshirilgan eng muhim institutsional yangiliklardan biri — muhandislik ta’limini mazmunan qayta tashkil etishga qaratilgan ilg‘or muhandislik maktablari tashkil etilganidir. Ushbu yondashuv muhandislik ta’limini an’anaviy nazariy tayyorgarlik doirasidan chiqarib, uni aniq texnologik yechimlar, amaliy tadqiqotlar va sanoat ehtiyojlari bilan uzviy bog‘lashni maqsad qildi. Xususan, oliygohlarda “yashil” energetika, mashinasozlik, sun’iy intellekt, transport, qurilish va sanoat kabi strategik ahamiyatga ega yo‘nalishlarda 14 ta muhandislik maktabi tashkil etildi. Bu maktablar mamlakat iqtisodiyotida uzoq muddatli raqobatbardoshlikni ta’minlovchi sohalarga qaratilgan bo‘lib, muhandislik tafakkurini zamonaviy texnologiyalar bilan uyg‘un rivojlantirishga xizmat qilmoqda.
Muhandislik maktablari tashkil etilishi ta’lim va ishlab chiqarish o‘rtasidagi an’anaviy uzilishni bartaraf etishga qaratilgan tizimli yechim sifatida namoyon bo‘ladi. Ushbu maktablarda ta’lim jarayoni faqat auditoriya bilan cheklanmay, laboratoriya tadqiqotlari, sanoat korxonalari bilan qo‘shma loyihalar, startap tashabbuslar va innovatsion ishlanmalar orqali boyitilmoqda. Natijada muhandis kadr tayyorlash jarayoni “bilim berish”dan “injenerlik yechimi yaratish” bosqichiga ko‘tarilmoqda. Ayniqsa, “yashil” energetika va sun’iy intellekt yo‘nalishidagi muhandislik maktablari global tendensiyalar bilan hamnafas rivojlanayotgani bilan ahamiyatlidir. Bu yo‘nalishlarda tayyorlanayotgan mutaxassislar nafaqat ichki bozor ehtiyojlarini qondirish, balki xalqaro loyihalarda ishtirok etish salohiyatiga ega kadrlar sifatida shakllanmoqda. Shu bilan birga, mashinasozlik, transport va qurilish sohalaridagi muhandislik maktablari milliy sanoatni texnologik modernizatsiya qilish, mahalliy ishlab chiqarishni chuqurlashtirish va import o‘rnini bosuvchi mahsulotlar yaratishga xizmat qilmoqda.
Muhandislik maktablarida muhandis muammoni ko‘ra oladi, uni tahlil qiladi va javobgarlikni o‘z zimmasiga olgan holda yechim taklif etadigan ijodkor mutaxassis sifatida tarbiyalanadi. Ta’lim jarayonida fan, texnologiya va innovatsiya bir butun zanjirga aylanib, yoshlarning ilmiy salohiyati real iqtisodiy qiymat kasb eta boshlaydi.
Umuman olganda, muhandislik maktablari sifat o‘zgarishining yorqin namunasi bo‘lib, ta’limni milliy taraqqiyotning texnologik drayveriga aylantirish yo‘lida qo‘yilgan strategik qadam sifatida baholanadi.
Natijaga o‘tish davri
Joriy yilda shakllangan institutsional poydevor 2026-yilga kelib ta’lim tizimini yanada chuqur isloh qilish, uni mehnat bozori, xalqaro standartlar va investitsion muhit bilan uzviy bog‘lashni taqozo etmoqda. Shu ma’noda, 2026-yil uchun belgilangan ustuvor vazifalar ta’lim sohasida miqdoriy ko‘rsatkichlar bilan birga aniq natijalarga erishishni ko‘zda tutuvchi yangi bosqichni ifoda etadi.
Avvalo, yoshlarni erta kasbiy yo‘naltirish masalasi tizimli yondashuv asosida hal etiladi. 2026-yilda umumta’lim maktablarining 9-sinf bitiruvchilaridan 30 foizini texnikumlarga qamrab olish rejalashtirilgani ta’lim trayektoriyasini ilk bosqichdanoq maqsadli belgilashga qaratilgan muhim qaror hisoblanadi. Bu yondashuv orqali “maktab — texnikum — ish o‘rni” zanjiri barvaqt shakllanib, yoshlarning mehnat bozoriga moslashuvi tezlashadi.
Kasbiy ta’limda xalqaro o‘lchovni kengaytirish ham ustuvor yo‘nalishlaridan biri bo‘ladi. Jumladan, 100 ta texnikumda xalqaro ta’lim dasturlari asosida kadrlar tayyorlash yo‘lga qo‘yiladi. Bu orqali kasbiy ta’lim milliy ehtiyojlar bilan cheklanib qolmasdan, global mehnat bozori talablariga mos kadrlar tayyorlashga xizmat qiladi.
Xalqaro akkreditatsiyadan o‘tgan ta’lim dasturlari soni 120 taga yetkazilishi rejalashtirilgani mazmunni xalqaro baholash mexanizmlari orqali takomillashtirishga qaratilgan. Bu jarayon universitetlarni ichki raqobatdan tashqi akademik raqobat muhitiga olib chiqib, ta’lim sifatiga nisbatan talabni oshiradi.
Ta’lim sohasini rivojlantirishda investitsion omil ham hal qiluvchi ahamiyat kasb etadi. 2026-yilda jami 80 million dollar miqdorida xorijiy investitsiya mablag‘larini o‘zlashtirish rejalashtirilgan bo‘lib, shundan 51 million dollari davlat kafolati ostidagi loyihalar hissasiga to‘g‘ri keladi.
Shu bilan birga, oliy ta’limda infratuzilmaviy imkoniyatlarni kengaytirish ham davom ettiriladi. Oliygohlarda qo‘shimcha 4 ming o‘quv o‘rni yaratiladi. Bu talab va demografik bosimni hisobga olgan holda amalga oshirilayotgan tizimli chora hisoblanadi. Nihoyat, oliy ta’limning xalqaro ochiqligini ta’minlash maqsadida oliygohlar tomonidan xorijiy fuqarolarga grant berish amaliyotini joriy etish ko‘zda tutilmoqda. Bu tashabbus ta’limni faqat xizmat eksporti emas, balki intellektual hamkorlik va madaniy muloqot vositasi sifatida rivojlantirishga xizmat qiladi.
Xulosa qilib aytganda, belgilangan vazifalar ta’lim tizimini natijaga yo‘naltirilgan, xalqaro standartlarga mos va investitsiyaviy jihatdan jozibador tizimga aylantirishni maqsad qiladi. Bu esa Yangi O‘zbekistonda ta’limni strategik taraqqiyotning eng muhim ustunlaridan biri sifatida mustahkam qaror topayotganini yana bir bor tasdiqlaydi.
Risolat MADIYEVA,
“Yangi O‘zbekiston” muxbiri
