Prezident davlat stipendiyalariga talabgorlar o‘rtasida saralash tanlovi o‘tkazildi
2026-01-06 09:30:00 / Vazirlik yangiliklari

Tanlovda ishtirok etish uchun stipendiya.edu.uz portali orqali jami 72 ta hujjat kelib tushdi. Dastlabki tekshiruv natijalariga ko‘ra, 68 nafar talabgorning hujjatlari belgilangan talablarga muvofiq deb topilib, qabul qilindi.
Belgilangan tartibga ko‘ra, 2025-yil 23-dekabr kuni Bilim va malakalarni baholash agentligida test sinovlari o‘tkazildi. Test jarayonlarida 65 nafar talabgor ishtirok etdi.
Talabgorlar fan yo‘nalishlari kesimida:
- Tabiiy va aniq fanlar – 19 ta hujjat
- Ijtimoiy-gumanitar fanlar – 34 ta hujjat
- Texnika va texnologiya – 10 ta hujjat
- Sog‘liqni saqlash – 1 ta hujjat
- Qishloq xo‘jaligi – 3 ta hujjat
Test sinovlari davomida talabgorlarning axborot texnologiyalari, xorijiy tillar hamda O‘zbekiston tarixi bo‘yicha bilim va malakalari baholandi.
Tanlovning yakuniy bosqichi 2025-yil 25–26-dekabr kunlari tashkil etilib, unda 65 nafar talabgor o‘zlarining ilmiy ishlari yuzasidan taqdimotlar bilan ishtirok etdi.
Yakuniy bosqich natijasi bo‘yicha qo‘shimcha ma’lumot taqdim etiladi.
Ma’lumot o‘rnida, tayanch doktorantlarga O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining davlat stipendiyalarini tayinlash uchun quyidagi asosiy mezonlar belgilangan:
- Yetakchi ilmiy nashrlarda kamida ikkita ilmiy maqola e’lon qilingan bo‘lishi;
- O‘zbekiston tarixini bilish;
- Xalqaro konferensiyalar materiallari va bosma nashrlarida maqolalar e’lon qilingan bo‘lishi;
- Barcha malakaviy imtihonlarni “a’lo” bahoga topshirgan bo‘lish;
- Dissertatsiya ishining tayyorlik darajasi kamida 70 foiz bo‘lishi;
- Davlat tilini va kamida bitta xorijiy tilni bilish (bakalavriat yoki magistratura xorijiy til yo‘nalishida bo‘lgan hollarda qo‘shimcha yana bitta xorijiy tilni bilish talab etiladi).
Talabgorlar Bilim va malakalarni baholash agentligida maxsus test sinovidan o‘tkaziladi.
Tanlov jarayonini tashkil etish va baholash uchun yetakchi olimlar va mutaxassislardan iborat maxsus tanlov komissiyasi tuzilib, uning zimmasiga talabgorlar o‘rtasida saralash tanlovini o‘tkazish vazifasi yuklatiladi.
Tanlov komissiyasi tomonidan talabgorlarning yakuniy tanlovi yashirin ovoz berish yo‘li bilan amalga oshiriladi. Agar har bir nomzod bo‘yicha ovoz berishda ishtirok etgan komissiya a’zolarining kamida uchdan ikki qismi ma’qullab ovoz bersa, nomzod O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining davlat stipendiyasiga tavsiya etiladi.
Agar ovoz berish natijasida talabgorlar soni belgilangan kvotadan ortiq bo‘lsa, eng ko‘p ovoz to‘plagan nomzodlarga ustunlik beriladi.
Har bir talabgor dissertatsiya ishi bo‘yicha 5 daqiqalik taqdimot qiladi hamda 5 daqiqa savol-javob uchun vaqt ajratiladi. Umumiy reglament 10 daqiqani tashkil etadi.
Ovoz berish jarayoni uchun komissiya a’zolariga maxsus byulletenlar tarqatiladi. Byulletenlarni sanash maqsadida hisob komissiyasi tarkibi tasdiqlanadi.









