Toshkent shahrida N.E. Bauman nomidagi Moskva davlat texnika universiteti filialining faoliyati masalalari muhokama qilindi
2025-12-30 20:00:00 / Vazirlik yangiliklari

Muzokaralar davomida Toshkent shahrida N.E. Bauman nomidagi Moskva davlat texnika universiteti filialining faoliyatini samarali yoʻlga qoʻyish, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining «Toshkent shahrida N.E. Bauman nomidagi Moskva davlat texnika universiteti filialini tashkil etish toʻgʻrisida»gi qarorida belgilangan vazifalarning ijrosi masalalari muhokama qilindi.
Tomonlar 2026/2027-oʻquv yilida filialning birinchi bosqichiga jami 100 nafar talaba qabul qilishni rejalashtirilganini qayd etdilar. Shundan 70 nafari toʻlov-kontrakt asosida, 30 nafari esa davlat granti asosida tahsil oladi. Yangi kampus foydalanishga topshirilguniga qadar taʼlim jarayonini Islom Karimov nomidagi Toshkent davlat texnika universiteti auditoriya fondi negizida, shuningdek, filialning vaqtincha joylashgan binolarida tashkil etish boʻyicha kelishuvga erishildi.
Shuningdek, filial ustaviga oʻzgartishlar kiritish, moddiy-texnik bazani shakllantirish, professor-oʻqituvchilar va maʼmuriy-boshqaruv xodimlarining shtat birliklarini belgilash, yangi kampusni loyihalash boʻyicha texnik topshiriqni ishlab chiqish, shuningdek, 2026/2027-oʻquv yili uchun talabalarni qabul qilish boʻyicha axborot kampaniyasini tashkil etish yuzasidan aniq muddatlar belgilandi.
Tomonlar mazkur kelishuvlar Oʻzbekiston va Rossiya oʻrtasidagi oliy texnik taʼlim sohasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlash, zamonaviy muhandis kadrlarni tayyorlash hamda Toshkent shahrida ilgʻor taʼlim infratuzilmasini rivojlantirishga xizmat qilishini alohida taʼkidladilar.






