Sath o‘lchash vositalarini vertikal qiyoslash va kalibrlash etaloni ishga tushirildi
2025-12-29 19:50:00 / Vazirlik yangiliklari

Tadbirda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Qo‘ng‘irotboy Sharipov, O‘zbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi direktori Akmal Jumanazarov, universitet rahbariyati, loyiha ijrochilari hamda O‘zbekiston milliy metrologiya instituti rahbariyati va mutaxassislari ishtirok etdi.
Mazkur etalon suyuqlik sathini o‘lchash vositalarini qiyoslash va kalibrlash uchun mo‘ljallangan bo‘lib, 4000 mm gacha o‘lchash diapazoni va 0,2 mm aniqlikka ega. Bu esa uning yuqori aniqlik va ishonchliligini ta’minlaydi.
Ahamiyatli jihati shundaki, respublikada amalda foydalanilayotgan etalon qurilmalar asosan xorijdan olib kelingan bo‘lsa, mazkur ishlanma O‘zbekistonlik olimlar tomonidan yaratilgan ilk milliy etalon sifatida e’tirof etildi. Ushbu loyiha metrologiya sohasida import o‘rnini bosuvchi ilmiy-texnik yechimlarni yaratish va milliy metrologik bazani mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etadi.
Etalonning amaliyotga joriy etilishi sanoat va ilmiy tadqiqotlar sohasida o‘lchash aniqligi hamda metrologik ta’minot sifatini yanada oshirishga xizmat qiladi.






