ELO xalqaro ingliz tili olimpiadasida O‘zbekiston terma jamoasi tarixiy g‘alabaga erishdi
2025-12-24 10:00:00 / Vazirlik yangiliklari

Kuchli raqobat sharoitida O‘zbekiston terma jamoasi olimpiadaning barcha bosqichlarida yuqori natijalarni qayd etib, musobaqaning eng oliy va nufuzli mukofoti — SUPER KUBOK sohibiga aylandi.
Mazkur g‘alaba jamoaning tizimli tayyorgarligi, izchil mehnati, zamonaviy yondashuvi hamda xalqaro talablar darajasidagi ilmiy va amaliy loyihalari natijasi hisoblanadi. Super kubok O‘zbekiston terma jamoasining bilim salohiyati, kreativ fikrlashi, ijtimoiy faolligi va mas’uliyatli faoliyati xalqaro miqyosda e’tirof etilganining yorqin dalilidir.
Ushbu yutuq O‘zbekiston yoshlarining xalqaro maydonda raqobatbardosh, tashabbuskor va yetuk kadrlar sifatida shakllanib borayotganini yana bir bor tasdiqlaydi. Shuningdek, mazkur muvaffaqiyat mamlakatimizda ta’lim sohasida amalga oshirilayotgan islohotlarning amaliy samarasi sifatida ham alohida ahamiyat kasb etadi.
O‘zbekiston terma jamoasining ushbu g‘alabasi yoshlar uchun ilhom manbai bo‘lib, ularni xalqaro tanlov va loyihalarda faol ishtirok etishga undaydi.
Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi jamoasi O‘zbekiston terma jamoasini ushbu ulkan va tarixiy g‘alaba bilan chin qalbdan tabriklaydi.





