Oliy ta’lim va ilm-fan sohasida hamkorlik masalalari muhokama qilindi
2025-12-17 20:30:00 / Vazirlik yangiliklari

Uchrashuvda tomonlar oliy ta’lim, ilm-fan va innovatsiyalar sohalarida mavjud hamkorlikni mustahkamlash, istiqbolli qo‘shma loyihalarni amalga oshirish va umumiy manfaatlarga erishish masalalarini muhokama qildi. Shu bilan birga, O‘zbekistonning faol, ko‘p tomonlama tashqi siyosati hamda MDH, SHHT, TDT, IHT va boshqa xalqaro tashkilotlar bilan samarali hamkorligi qayd etildi. Iqtisodiy Hamkorlik Tashkiloti (IHT) doirasidagi xususan, IHT ilm-fan jamg‘armasi bilan hamkorlik barqaror rivojlanib borayotgani alohida e’tirof etildi.
Suhbat davomida a’zo davlatlar bilan hamkorlikda energetika, qishloq xo‘jaligi, sog‘liqni saqlash, raqamli texnologiyalar sohalarida qo‘shma tadqiqotlarni moliyalashtirish, O‘zbekiston hududida ilmiy forumlar, yozgi va qishki maktablar, “workshop”lar o‘tkazish hamda iqlim o‘zgarishi, suv resurslari, oziq-ovqat xavfsizligi va transport logistikasi bo‘yicha qo‘shma loyihalarni amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.
Shuningdek, tomonlar akademik almashinuv dasturlarini kengaytirish, qo‘shma ilmiy-tadqiqot loyihalarini chuqurlashtirish, yosh mutaxassislar uchun kasbiy stajirovkalarni tashkil etish va madaniy tadbirlarni hamkorlikda o‘tkazishga tayyor ekanliklarini bildirdi.
Uchrashuv yakunida tomonlar hamkorlikni mustahkamlash va yangi istiqbolli loyihalarni amalga oshirishga tayyor ekanliklarini qayd etib, o‘zaro manfaatli hamkorlikning barqaror rivojlanishi uchun muhim asos yaratdi.





