Cyber4CA loyihasi bo‘yicha boshlangʻich xalqaro uchrashuvlari Toshkentda muvaffaqiyatli o‘tkazildi
2025-12-12 17:50:00 / Vazirlik yangiliklari

Uchrashuvlarning dastlabki ikki kuni Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universitetida (TATU) bo‘lib o‘tdi. TATU ushbu loyihada Grant Holder sifatida Markaziy Osiyoda zamonaviy kiberxavfsizlik mutaxassislarini tayyorlash jarayoniga yetakchilik qilmoqda. Tadbirda Ispaniya, Ruminiya, Belgiya, Italiya, O‘zbekiston, Qozog‘iston va Qirg‘iziston oliy ta’lim muassasalari, shuningdek, tegishli vazirlik, shu jumladan Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi va tashkilotlar vakillari ishtirok etdilar.
Uchrashuvlarning uchinchi kuni O‘zbekiston Milliy universitetida davom ettirilib, yangi kiberxavfsizlik magistratura dasturlari uchun o‘quv rejalari va akademik yondashuvlarni ishlab chiqishga bag‘ishlandi. Ishtirokchilar institutlar faoliyati bo‘yicha taqdimotlar o‘tkazib, o‘quv dasturlarini sanoat va davlat boshqaruvi ehtiyojlariga moslashtirish yuzasidan muhokamalar olib bordilar.
Cyber4CA loyihasi kiberxavfsizlik bo‘yicha Yevropaning yetakchi xorijiy oliygohlari tajribasi asosida innovatsion magistratura dasturlarini yaratish, zamonaviy CyberLabs laboratoriyalarini tashkil etish, ta’lim jarayonini raqamli transformatsiya qilish va akademiya–sanoat–davlat sektori hamkorligini kuchaytirishga xizmat qiladi. Tashabbus Yevropa Ittifoqi strategik yo‘nalishlariga mos bo‘lib, Markaziy Osiyoda raqamli xavfsizlik bo‘yicha barqaror ta’lim ekotizimini rivojlantirishni maqsad qiladi.






