Bokuda O‘zbekiston bilan ta’lim va ilm-fan yo‘nalishidagi amaliy hamkorlik masalalari muhokama qilindi
2025-12-12 13:20:00 / Vazirlik yangiliklari
O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi delegatsiyasi Ozarbayjonning Boku shahriga tashrif buyurib, ta’lim va ilmiy hamkorlikni yanada rivojlantirishga qaratilgan bir qator uchrashuv va tadbirlarda ishtirok etdi.

Fan va ta’lim vaziri o‘rinbosari Hasan Hasanli bilan o‘tkazilgan uchrashuv davomida oliy ta’lim muassasalari o‘rtasidagi hamkorlik aloqalarini kengaytirish, qo‘shma ilmiy grant dasturlarini davom ettirish, 2026-yilda Bokuda rektorlar forumini tashkil etish, “Kelajak muhandislari” xalqaro festivalida ozarbayjonlik yoshlarning ishtirokini ta’minlash masalalari muhokama qilindi.
Delegatsiya Boku Oliy neft maktabiga tashrif buyurib, ta’lim jarayoni bilan tanishdi hamda Toshkent kimyo texnologiya instituti va Buxoro davlat texnika universiteti bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan qo‘shma ta’lim dasturlarida tahsil olayotgan talabalar bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Shuningdek, ISESCO tomonidan tashkil etilgan “Islom dunyosi uchun Sun’iy intellekt indeksi”ni ta’sis etishga bag‘ishlangan xalqaro tadbirda ishtirok etildi. Tadbir davomida sun’iy intellekt sohasida hamkorlik istiqbollari va yangi tashabbuslar muhokama qilindi.






