O‘zbekiston–Xitoy hamkorligida yangi bosqich: 14 nafar kasbiy ta’lim mutaxassisi Xitoyda malaka oshirish kursini muvaffaqiyatli yakunladi
2025-12-09 17:50:00 / Vazirlik yangiliklari

Ushbu dasturda Andijon, Buxoro, Farg‘ona, Samarqand, Jizzax viloyatlari hamda Toshkent shahridagi texnikumlardan saralangan 14 nafar ishlab chiqarish ta’limi ustasi ishtirok etdi.
Mazkur malaka oshirish dasturi Xitoy–O‘zbekiston yangi energetika avtomobillari bo‘yicha o‘quv-ishlab chiqarish markazi loyihasi doirasida, ta’lim va ishlab chiqarish integratsiyasini chuqurlashtirish maqsadida amalga oshirildi.
Dastur doirasida yangi energiya transport vositalariga oid maxsus texnik ma’ruzalar, zamonaviy ustaxona va laboratoriyalarda amaliy mashg‘ulotlar, yangi energetika avtomobillari ishlab chiqarish korxonalariga tanishtiruv tashriflari tashkil etildi.
26 akademik soatdan iborat mazkur kurs yakunida tinglovchilar Anhuy suv resurslari va gidroenergetika texnika kolleji tomonidan berilgan sertifikatlar bilan taqdirlandi.
Hamkorlikning strategik ahamiyati
Anhuy provinsiyasi Xitoyda kasbiy ta’limni rivojlantirish bo‘yicha ilg‘or hududlardan biri bo‘lib, provinsiyada 310 dan ortiq professional ta’lim muassasalarida 1,38 mln talaba tahsil oladi, har yili qariyb 500 ming texnik mutaxassis mehnat bozoriga kirib keladi.
Jumladan, Anhuy suv xo‘jaligi va gidroenergetika texnika kolleji — 1952-yilda tashkil etilgan, 16 mingdan ortiq talaba va 1,100 dan ziyod pedagogga ega Anhuy provinsiyasining yirik kasbiy ta’lim markazi. Kollej 10 yo‘nalish bo‘yicha 60 dan ortiq ixtisoslikni taklif etib, yangi energiya transport vositalari bo‘yicha Xitoyning milliy klasteri tarkibida faoliyat yuritadi. Muassasa 400dan ortiq amaliy o‘quv bazasiga va 25 dan ortiq davlat bilan xalqaro hamkorlik dasturlariga ega.
O‘zbekiston va Anhuy provinsiyasi o‘rtasidagi ta’lim aloqalari so‘nggi yillarda sezilarli darajada faollashib, qo‘shma loyihalar, o‘qituvchi va talaba almashinuvi, malaka oshirish dasturlari samarali yo‘lga qo‘yildi. 2025-yilda Toshkent va Chuntsin shaharlarida o‘tkazilgan O‘zbekiston–Xitoy ta’lim forumlari ushbu hamkorlikni yangi bosqichga ko‘tardi.
Mazkur malaka oshirish kursi ham ta’lim sohasidagi o‘zaro ishonch va amaliy hamkorlikning navbatdagi muhim natijasidir.
Kelgusidagi rejalar
Xitoyning BYD kompaniyasi, Anhuy kolleji va O‘zbekiston texnikumlari o‘rtasida tashkil etilgan “O‘zbekiston–Xitoy yangi energetika avtomobillari sanoat instituti” bo‘yicha ishlar izchil davom ettirilmoqda. Mazkur loyiha ikki davlat o‘rtasida ta’lim va sanoat integratsiyasining ilg‘or modeli sifatida baholanmoqda.
Mutaxassislarning qayd etishicha, ushbu o‘quv dasturi Xitoy va O‘zbekiston o‘rtasida yangi energiya texnologiyalari bo‘yicha kadrlar tayyorlash, qo‘shma o‘quv dasturlarini yaratish va sanoat uchun malakali mutaxassislar yetkazib berishda muhim poydevor bo‘lib xizmat qiladi.









