O‘zbekiston-Janubiy Koreya: startap ekotizimini rivojlantirish hamda venchur moliyalashtirish sohasidagi hamkorlik rivojlanmoqda
2025-12-09 17:45:00 / Vazirlik yangiliklari
2025-yil 9-dekabr kuni Oʻzbekiston Respublikasi Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligida Koreya Respublikasi vakillari bilan uchrashuv boʻlib oʻtdi. Unda Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vaziri Qo‘ng‘irotboy Sharipov, Innovatsion rivojlanish agentligi direktori v.v.b Asror Norov, Suncheon Milliy universiteti faxriy professori Seungju Baek, shuningdek, “Korea Development Institute” (KDI) vakillari qatnashdilar.

Uchrashuvda KDI bilan hamkorlikda “Knowledge Sharing Program” (KSP) dasturi doirasida amalga oshirilayotgan “Oʻzbekistonda startap ekotizimini rivojlantirish va venchur moliyalashtirishni qoʻllab-quvvatlash” mavzusidagi grant loyihasi muhokama qilindi.
Muzokaralar davomida tomonlar Oʻzbekistonda startap muhitini yanada rivojlantirish, innovatsion tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash, venchur moliyalashtirish mexanizmlarini takomillashtirish hamda Koreyaning ilgʻor tajribasini mamlakat sharoitida joriy etish masalalari yuzasidan fikr almashdilar. Shuningdek, loyiha doirasida amalga oshirilishi rejalashtirilayotgan tahliliy tadqiqotlar, normativ-huquqiy takliflar va institutsional rivojlanish yoʻnalishlari muhokama etildi.
Uchrashuv yakunida tomonlar mazkur grant loyihasi Oʻzbekistonda innovatsion ekotizimni rivojlantirish va xalqaro tajribani joriy etishda muhim ahamiyat kasb etishiga ishonch bildirdilar. Shundan soʻng loyiha boʻyicha istiqboldagi rejalar yuzasidan bitim imzolandi.
Shuningdek, tegishli vazirlik va idoralar mutaxassislari uchun koreyalik ekspertlar tomonidan Oʻzbekistonda startap ekotizimini rivojlantirish, Koreya tajribasi asosida innovatsion tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash va venchur moliyalashtirish mexanizmlarini takomillashtirish boʻyicha seminar oʻtkazildi.






