UI GreenMetric 2025: O‘zbekiston oliygohlari dunyoning TOP-1000 taligida
2025-12-06 14:10:00 / Vazirlik yangiliklari
5-dekabr kuni Tayvanda 2025-yilgi UI GreenMetric reytingining rasmiy natijalari eʼlon qilindi. Dunyoning eng nufuzli “yashil" universitetlar reytingidan oʻrin olgan taʼlim maskanlari orasida Oʻzbekiston oliygohlari ham munosib natijalar bilan qayd etildi.

Joriy yilda 105 davlatdan 1 745 ta universitet baholangan ushbu reytingda Oʻzbekistonning 79 ta oliy taʼlim muassasasi ishtirok etdi. Ulardan 38 tasi dunyoning TOP-1000 taligidan joy olgani soʻnggi yillarda yurtimizda barqaror rivojlanish va “yashil kampus” tamoyillarini joriy etish boʻyicha amalga oshirilayotgan islohotlar samaradorini koʻrsatadi.
2025-yilning mamlakatimizda “Atrof-muhitni asrash va ʼyashilʼ iqtisodiyot yili” deb eʼlon qilingani bilan uygʻun holda, universitetlarimizning xalqaro ekologik tashabbuslardagi ishtiroki tobora faollashmoqda.
Tadbirda UI GreenMetricning Oʻzbekistondagi koordinatori, BuxDU rektori Obidjon Xamidov soʻzga chiqib, Oʻzbekiston oliygohlarida ekologik barqarorlikni oshirish va “yashil” loyihalarni koʻpaytirishga qaratilgan yangi tashabbuslarni ilgari surdi.
Oʻzbekiston oliy ta'lim tashkilotlarining UI GreenMetric 2025 natijalari — bu taʼlim maskanlarimizda ekologik masʼuliyat, barqaror infratuzilma va global standartlardan oʻrin olish borasidagi qatʼiy harakatlarning yorqin tasdigʻidir.






