Qoraqalpoq davlat universitetida yangi 400 o‘rinli talabalar turar joyi foydalanishga topshirildi
2025-12-06 09:00:00 / Vazirlik yangiliklari

Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi sudi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi vakillari, universitet rahbariyati, professor-o‘qituvchilar, talaba-yoshlar hamda ommaviy axborot vositalari ishtirok etdilar.
Marosimda so‘zga chiqqanlar Prezidentimiz rahbarligida yosh avlodning ta’lim olishi, ilm-fan bilan shug‘ullanishi va munosib yashashi uchun barcha sharoitlar yaratilib berilayotganini alohida ta’kidladilar. Jumladan, talabalarni turar joy bilan ta’minlashga qaratilayotgan e’tibor natijasida Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universitetida ham tizimli va samarali ishlar amalga oshirilayotganini qayd etdilar. Yangi binoning ochilishi munosabati bilan barcha ishtirokchilarni chin dildan tabrikladilar.
Yangi talabalar turar joyi zamonaviy arxitektura standartlari asosida qurilgani, unda talabalarning kunlik yashashi va o‘qishi uchun zarur bo‘lgan barcha qulayliklar yaratilgani ta’kidlandi. Binoda xavfsizlik, sanitariya-gigiyena, maishiy xizmat va dam olish hududlari to‘liq talab darajasida jihozlangani bilan ajralib turadi.
Tadbirda yangi bino kaliti universitet rektori vazifasini vaqtincha bajaruvchi O. Duysenbayevga tantanali tarzda topshirildi.
Shuningdek, mehmonlar talabalar turar joyining ichki sharoitlari bilan yaqindan tanishdilar. Xonalarning zamonaviy mebellar bilan jihozlangani, oshxonalarga elektr plitalar va muzlatkichlar o‘rnatilgani, kir yuvish xonalarida kir yuvish mashinalari, yuvinish xonalarida esa barcha zarur dush kabinalari va texnik jihozlar joylashtirilgani e’tirof etildi.









