“MEI” milliy tadqiqot universitetining Toshkent shahridagi filiali faoliyatini samarali olib borishga qaratilgan yo‘l xaritasi ishlab chiqiladi
2024-05-02 20:10:00 / Vazirlik yangiliklari
Ayni kunlarda mamlakatimizda bo‘lib turgan Rossiya Federatsiyasi Prezidentining Xorijiy mamlakatlar bilan mintaqalararo va madaniy aloqalar boshqarmasi boshligʻi Igor Maslov boshchiligidagi delegatsiya a’zolari bugun “MEI” milliy tadqiqot universitetining Toshkent shahridagi filiali tashrif buyurib, O‘zbekiston oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri o‘rinbsarlari hamrohligida muassasada talaba va professor-o‘qituvchilar uchun yaratilgan sharoit hamda imkoniyatlar bilan tanishdilar.

Dastlab filialning o‘quv xonalari, laboratoriyalari va 400 o‘rinli faollar zali ko‘zdan kechirildi. So‘ng ilm-fan sohasini rivojlantirish, qo‘shma loyihalarni ko‘paytirish, Rossiya-O‘zbekiston rektorlarining 4-forumini o‘tkazish kabi masalalar ko‘rib chiqildi.
Muzokara yakunida filial faoliyatini takomillashtirish, talabalar iqtidorini yuzaga chiqarishga qaratilgan chora-tadbirlar hamda qo‘shma loyihalarni amalga oshirishga qaratilgan yo‘l xaritalarini ishlab chiqishga kelishildi.
Mehmonlar “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida filial hududida daraxt ko‘chatlarini o‘tqazib, atrof-muhitni ko‘kalamzorlashtirishga o‘z hissalarini qo‘shdilar.









